Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qoldi
Inflyatsiya pasayishda davom etmoqda. Biroq tashqi bozorlardagi narxlar, inflyatsion kutilmalar va tartibga solinadigan tariflarni liberallashtirish jarayoni iqtisodiyotda inflyatsion bosimlarning saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Markaziy bank Boshqaruvining 16-sentabrdagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda inflyatsiya pasayish tendensiyasini davom ettirmoqda. Xususan, avgust oyida yillik umumiy inflyatsiya 6,2 foizni, bazaviy inflyatsiya esa 5,5 foizni tashkil etdi.
Iqtisodiyotda ayrim muvozanatlashuv belgilari kuzatilayotgan bo‘lsa-da, inflyatsion bosimlar hanuz saqlanib qolmoqda. Jumladan, inflyatsion kutilmalarning pasayishi umumiy inflyatsiyaga nisbatan sekinroq kechmoqda.
Shuningdek, jahon bozorlarida xomashyo, oziq-ovqat va energiya resurslari narxlarining yuqori darajada saqlanishi, shuningdek, tartibga solinadigan narxlarni liberallashtirish jarayoni inflyatsiya uchun asosiy xatarlardan biri sifatida baholanmoqda. Ayni paytda ijobiy real foiz stavkalari aholining jamg‘arishga bo‘lgan moyilligini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Markaziy bank inflyatsiyani bosqichma-bosqich pasaytirib, 2027-yil yakuniga qadar 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga erishish uchun zarur pul-kredit sharoitlarini ta’minlashda davom etadi.
Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank Boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2026-yil 28-oktabrda o‘tkazilishi belgilangan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA