Hindiston va Turkiya bilan farmatsevtika sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Hindistonning "Precise Group" farmatsevtika kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Muloqotda kompaniyaning zamonaviy farmatsevtika texnologiyalarini O‘zbekistonga transfer qilish, ularni mahalliy korxonalar bazasida o‘zlashtirish hamda yangi ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xususan, texnologiyalar transferi, mahalliy farmatsevtika korxonalarini hamkorlikka jalb etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida "Precise Group" texnologiyalari va ishlab chiqarish yo‘nalishlariga qiziqish bildirishi mumkin bo‘lgan O‘zbekiston farmatsevtika korxonalarini aniqlash hamda ular bilan bevosita muloqotlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
***

Shuningdek, Abdulla Azizov Turkiyaning "Golgi Health" kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Muloqotda kompaniyaning O‘zbekiston bilan sog‘liqni saqlash sohasida bugungi kunga qadar amalga oshirgan ishlari, mavjud hamkorlik yo‘nalishlari hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda zamonaviy laboratoriya tashkil etish, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarini rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish va mutaxassislar salohiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, ilmiy izlanishlar natijalari va tajriba almashinuvini kuchaytirish, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasida innovatsion yechimlarni birgalikda rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
M.Qosimova, O‘zA