Toshkent shahrida jamoat transporti holati: muammo va yechimlar
Avtobuslar shahar jamoat transportining asosiy vositasi bo‘lib, aholining aksariyati ulardan har kuni ishga, o‘qishga yoki boshqa joylarga yetib borish uchun foydalanadi. Shu bois aholi harakatchanligini ta’minlashda muntazam va ishonchli avtobus qatnovini tashkil etish muhim vazifadir.
Barchaga ma’lumki, mukammal jamoat transporti tizimi nafaqat yo‘llardagi tirbandlikning oldini olishda, balki yo‘lovchilarning xavfsiz va tezkor harakatlanishida, ekologiyaga bo‘lgan yukni kamaytirishda ham asosiy o‘rinni egallaydi.
Shu bilan birgalikda, Toshkent shahri aholisi va poytaxtimiz mehmonlari tomonidan jamoat trasportidan keng foydalanilishi mazkur sohani rivojlantirishga bo‘lgan ehtiyojni yana dolzarb masala qilib qo‘ymoqda.
Bugungi kunda Toshkent shahrida 5 mln aholi bo‘lib (doimiy yashovchi 2,9 mln, kunlik shaharga kelib ketuvchi 1,5 mln, vaqtinchalik istiqomat qiluvchi aholi 0,5 mln), bu raqam yiliga o‘rtacha 100 mingtaga oshmoqda. Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan avtotransport vositalari 760 mingga yetgan (yiliga 76 mingtaga ortib bormoqda), transport vositalari doimiy harakatlanadigan asosiy yo‘l ko‘cha tarmoqlari uzunligi esa 470 km bo‘lib, 380-400 ming avtotransport harakatlanishiga mo‘ljallangan.

Shu bilan birga kunlik shaharga kirib chiquvchi avtotransport soni 160-220 ming atrofida bo‘lib, kun davomida shahar yo‘llarida 900 mingga yaqin avtotransport navbatma-navbat harakatlanmoqda. Bu esa yo‘l tarmog‘i 2 barobar ko‘p avtotranport yuklamasiga xizmat qilayotganini anglatadi.
Transportda harakatlanishning 25 foizi, ya’ni 1,5 millioni avtobus, metro, mikroavtobuslarda, qolgan 4,5 millioni shaharda kun davomida harakatlanadigan 900 ming avtotransportda amalga oshiriladi.
Transport oqimini samarali boshqarish tizimi yo‘qligi sababli tirbandliklarda harakat tezligi 7 km/soatgacha tushib ketishi, aholining yo‘lga sarflaydigan vaqti bundan 3 - 4 yil oldingiga nisbatan qariyb ikki barobarga ortgani, oqibatda sekin harakatlanayotgan transportlarning ortiqcha yoqilg‘i sarfi va zararli gazlar hajmi, iqtisodiy yo‘qotishlar va mamlakatimiz ekologiyasiga zarar ham ortib bormoqda.
Aholini shaharda harakatlanishga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq, sifatli va xavfsiz jamoat transporti bilan ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Aynan shu muammolarni yechimlari bo‘yicha 2022 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-111 sonli, 2023 yilda
esa PQ-59 sonli qarorlari bilan tizim islohotlari, maqsadli ko‘rsatkichlar hamda islohotlarni amalga oshirish mexanizmlari tasdiqlab berildi.
Mazkur qarorlarda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida so‘ngi yillarda jamoat transportini isloh qilish yuzasidan qator yirik loyihalar amalga oshirildi.
Xususan, 2022 yilda Toshkent shahri uchun 200 dona o‘rta sig‘imli SAZ LE 60 rusumli va 190 dona katta sig‘imli MAN rusumli avtobuslar va ilk bor 20 dona zamonaviy elektrobuslar xarid qilindi.
Joriy yilda jamoat transportini mukammal yangilash yuzasidan amalga oshirilgan loyihalar natijasida qo‘shimcha 1 000 dona avtobuslar xarid qilindi. Jumladan, metan gaz yoqilg‘isida harakatlanuvchi 500 ta katta sig‘imli “YOUTONG” va 200 ta o‘ta katta sig‘imli “KINGLONG” avtobuslari hamda 302 ta “YOUTONG” elektrobuslari olib kelindi.
Mazkur harakat tarkibi ilmiy asoslangan texnologiyalar asosida tashkil etilgan yangi zamonaviy yo‘nalishlarga ajratgan holda, ya’ni magistral, xalqa, bog‘lovchi va yetkazib beruvchi yo‘nalishlarga biriktirildi.
Renovatsion loyihalar va xaridlar natijasida, bugungi kunda jamoat transporti harakat tarkibining soni 1 959 tani (2022 yilda 1 485 ta), harakat tarkibining o‘rtacha yoshi 3,5 yil (2022 yilda 7,5 yil), jamoat transportidan foydalanish darajasi 24 foizni (2022 yil 19 foiz), yangi yo‘nalishlar tarmog‘i 167 tani (2022 yilda 144 ta), avtobuslarning kunlik qatnovlar soni 25 404 tani tashkil etishi hisobiga (2022 yilda 14 999 ta) jamoat transportining oraliq intervalini 18-20 daqiqadan
8-10 daqiqaga qisqartirishga erishildi.
Natijada o‘tgan yillarda kunning tig‘iz vaqtlarida jamoat transporti salonidagi tiqilinch, to‘laligi hisobiga undan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan qariyb yarim million yo‘lovchi sifatli avtobus xizmatlaridan foydalanishmoqda.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish kerakki, 2030 yilda harakat tarkibi sonini 2 247 taga, harakat tarkibi o‘rtacha yoshini 2,6 yil, jamoat transportidan foydalanish darajasini 40 foizga, yangi yo‘nalishlar tarmog‘i sonini 178 taga ko‘paytirish, qatnovlar sonini 27 412 taga yetkazish va natijada
oraliq intervallarni 5-8 daqiqagacha qisqartirish rejalashtirilgan. Bugungi kunda, avtobuslarning 1 020 tasi (52 foiz) siqilgan tabiiy gazda, 322 tasi (16,6 foiz) elektr quvvatda, 617 tasi (31,4 foiz) dizel yoqilg‘isida harakatlanmoqda.
Jamoat transportining jozibadorligini oshirish va avtobuslarning muntazam va bir maromda harakatlanishini tashkil etish maqsadida, 2023 yilda Toshkent shahrida avtobuslar uchun 186,6 km alohida ajratilgan yo‘laklar tashkil etilishi belgilab olingan bo‘lib, shundan 48,2 km masofada (Amir Temur ko‘chasi – 10,4 km, Ahmad Donish ko‘chasi – 8,5 km, Navoiy, Beruniy – 6,2 km, Mirzo Ulug‘bek, Feruza, Yuzrabod, Mahtumquli – 23 km) alohida yo‘laklar tashkil etildi.
So‘nggi yillarda Toshkent Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan shaharlardan biriga aylandi, shahar aholisi esa tez ko‘payib bormoqda. Bu esa jamoat transportiga bo‘lgan talabni qondirish uchun ko‘proq avtobus va yo‘nalishlarga ehtiyoj tug‘diradi.
Shu sabablarni inobatga olgan holda avtobuslar harakati holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar va dasturlar faol amalga oshirilmoqda. Avtobuslar parkini yangilash, transport-infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar ko‘rildi. Avtobuslar harakatini samarali boshqarish uchun haydovchilar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilib, zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda.
Bundan tashqari, yangi elektrobuslarni ishga tushirish orqali jamoat transporti faoliyatining ekologik jihatiga ham e’tibor qaratilmoqda.
Sherali Otaboyev,
O‘zA