Tibbiyot xabarlari
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rasmiy saytida mamlakatimizda bolalar onkologiyasi sohasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarga bag‘ishlangan maxsus maqola e’lon qilindi. Unda O‘zbekistondagi tizimli yondashuv tufayli bolalar saratonini erta aniqlash, davolash sifati va bemorlarning yashab qolish ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilanayotgani alohida qayd etilgan.
Maqolada ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning bu boradagi muvaffaqiyatlarida xalqaro hamkorlik markaziy o‘rin tutmoqda. Xususan, yurtimiz JSSTning Bolalar saratoniga qarshi kurashish global tashabbusi (GICC) hamda Saratonga qarshi dori vositalaridan foydalanish global platformasiga a’zo bo‘lib, qisqa vaqt ichida yuqori natijalarga erishgani e’tirof etilgan.
2025-yilda ushbu platforma doirasida olib kelingan 33 turdagi eng muhim dori vositalari bilan respublika bo‘ylab 1200 nafardan ortiq bola bepul davolandi.
Shuningdek, 2026-yilning fevral oyida dunyoga mashhur “St. Jude” bolalar tadqiqot shifoxonasi bilan yangi 4 yillik memorandum imzolanishi milliy tibbiyotimiz salohiyatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarishda muhim qadam bo‘ldi.
Xalqaro ekspertlar O‘zbekistonning bu sohadagi tajribasini boshqa davlatlar uchun haqiqiy namuna sifatida baholamoqda.
JSST Yevropa byurosining yetakchi tibbiy mutaxassisi doktor Vitaliy Smelov yurtimizdagi o‘zgarishlarni shunday ifodalaydi:
«O‘zbekistondagi islohotlar — milliy yetakchilik va xalqaro hamkorlik birlashganda, katta o‘zgarishlar qilish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash, inson kapitaliga sarmoya kiritish va zarur dorilar ta’minotini kafolatlash orqali mamlakat yangi kelajak barpo etmoqda. Bu kelajakda ko‘plab bolalar saratonni yengib, sog‘lom hayot kechira oladi».
***
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda mamlakatning biznes muhiti, investitsiya imkoniyatlari va iqtisodiy salohiyatini xalqaro auditoriyaga yoritishga ixtisoslashgan "Bright Uzbekistan" jurnali ta’sischisi Davron Abdullayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tibbiyot va farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mavjud loyihalar hamda tarmoqni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Shuningdek, jurnal orqali mamlakatimizdagi tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi yangiliklar, innovatsion loyihalar va amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqaro auditoriyaga keng yoritish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muloqot chog‘ida tibbiyot va farmatsevtika sanoatidagi bugungi jarayonlar va istiqboldagi rejalarni professional media maydonda yoritish bo‘yicha hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar sohadagi yangiliklarni keng targ‘ib qilish hamda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusi rejalarni muhokama qildi.
***
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktor o‘rinbosari Zafar Qosimov Toshkent viloyatida joylashgan «Bo‘stonliq-farm» erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan farmatsevtika korxonalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida korxonalar faoliyatida mavjud muammo va masalalar joyida atroflicha o‘rganilib, tahlil qilindi.
Xususan, uchrashuvda “Sam Med Cotton”, “Best Care” va “Dolce Service” korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlari hamda ular uchun yaratilgan infratuzilma holati, “Naaf Medical”, “Planto Pharm” va “CV Microbiology” korxonalarining dori vositalari va tibbiy buyumlar eksporti salohiyatini oshirishdagi mavjud to‘siqlar, mahalliy farmatsevtika mahsulotlarini yangi xalqaro bozorlarga olib chiqish va logistika jarayonlarida yuzaga kelayotgan texnik masalalar, tadbirkorlarning ishlab chiqarish jarayonlarini kengaytirishga to‘sqinlik qilayotgan byurokratik g‘ovlar hamda moliyaviy masalalar ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida korxonalar vakillari tomonidan bildirilgan barcha dolzarb muammo va takliflarga mas’ullarning e’tibori qaratildi. Aniqlangan tizimli kamchiliklarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda amaliy chora-tadbirlarni ko‘rish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olinib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
Mohigul Qosimova, O‘zA