Toshkent “GEOMIN-2026” xalqaro konferensiyasiga mezbonlik qiladi
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi bo‘lim boshlig‘i Nafisa Do‘labova ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda kon-geologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, tarmoqning investitsiyaviy salohiyati hamda Toshkentda o‘tkaziladigan “GEOMIN-2026” xalqaro konferensiyasiga tayyorgarlik jarayonlari haqida ma’lumot berildi.
Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda kon-geologiya sohasini modernizatsiya qilish, tarmoqqa bozor mexanizmlarini joriy etish va investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Bunda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda joriy yilning 14-18-sentabr kunlari Toshkent shahrida “Sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya orqali geologiya qidiruv ishlarini yangi bosqichga olib chiqish” shiori ostida “GEOMIN-2026” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Xalqaro geofiziklar jamiyati (SEG) hamkorligida tashkil etilayotgan anjuman Markaziy Osiyoda birinchi marta O‘zbekistonda o‘tkaziladi. Bu mamlakatimizning kritik minerallar salohiyati, yuqori texnologiyalar, energetika va sanoat uchun strategik ahamiyatini xalqaro maydonda yanada keng namoyon etish imkonini beradi.
Saudiya Arabistonidagi muvaffaqiyatli tadbirdan so‘ng “GEOMIN” forumining navbatdagi manzili sifatida Toshkentning tanlanishi O‘zbekistonda kon-geologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga xalqaro hamjamiyat qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Konferensiya dasturidan muhim minerallar va strategik resurslar, foydali qazilmalarni qidirishda geofizik usullar, raqamli transformatsiya, ma’lumotlar tahlili, konchilikda sun’iy intellektdan foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan mavzular o‘rin olgan.
Anjuman doirasida yer qa’rini o‘rganishda sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar (Big Data) imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba muhokama qilinadi. Shuningdek, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayonida strategik ahamiyat kasb etayotgan litiy, mis, uran va boshqa kritik minerallarni qidirish, ularni chuqur qayta ishlash hamda qiymat zanjirini shakllantirish masalalariga e’tibor qaratiladi.
Shu bilan birga, kon-geologiya sohasiga zamonaviy ESG standartlarini joriy etish va milliy mineral zaxiralarni xalqaro JORC tizimiga o‘tkazish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, “GEOMIN-2026” nafaqat ilmiy va ekspertlar muloqoti uchun maydon, balki O‘zbekiston iqtisodiyotiga yangi investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilishga xizmat qiladigan amaliy platforma bo‘ladi. Anjuman davomida qator yirik xalqaro kompaniyalar bilan strategik kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.
Ayni paytda konferensiyaning rasmiy saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 26 ta davlatidan 70 dan ortiq kompaniya va 350 dan ziyod ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan. Dastlabki dasturdan 3 ta panel muhokamasi, 25 ta texnik sessiya, 34 ta ma’ruza hamda 100 dan ortiq taqdimot o‘rin olgan.
Konferensiyada ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish 20-avgust kuni yakunlangan.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA