“GEOMIN AI Labs 2026”: eng yaxshi sun’iy intellekt loyihalari aniqlandi
Bugun Toshkentda “GEOMIN AI Labs 2026” xakatonining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir tog‘-kon sanoati va geologiya sohasidagi amaliy masalalarni hal etishda ma’lumotlar tahlili (Data Science) hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishga bag‘ishlandi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Xalqaro geofiziklar jamiyati (SEG) ko‘magida tashkil etiladigan “GEOMIN-2026” xalqaro konferensiyasi doirasida o‘tkazilgan xakatonga “SLB” kompaniyasi texnologik hamkorlik qildi.

Xakaton bir necha bosqichda o‘tkazilib, unda O‘zbekistonda tahsil olayotgan 60 dan ortiq talaba va yosh mutaxassis ishtirok etdi. Saralash bosqichidan so‘ng 10 nafar finalchi o‘z loyihalarini ekspertlardan iborat hakamlar hay’atiga taqdim qildi.
Ishtirokchilar to‘rtta amaliy vazifa bo‘yicha ish olib bordi. Jumladan, istiqbolli rux konlarini aniqlash, oltin miqdorini bashorat qilish, geotermal energetika uchun yer osti haroratini baholash hamda tog‘-kon sanoatida ekologik xavflarni kamaytirishda mashinaviy o‘qitish usullaridan foydalanish bo‘yicha yechimlar ishlab chiqildi.
Final bosqichida ishtirokchilar o‘z modellari va tadqiqot natijalarini taqdim etib, ishlanmalarni amaliyotda qo‘llash imkoniyatlarini namoyish qildi.

Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, Geologiya fanlari universiteti talabasi Ziyoda Minavarova birinchi o‘rinni egalladi. “MISiS” milliy tadqiqot texnologik universitetining Olmaliq filiali talabasi Diyora Karimova ikkinchi, Olmaliq davlat texnika instituti talabasi Temirali Sodiqov esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
–Mazkur tadbirda ishtirok etish men uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Xakaton davomida o‘z bilim va ko‘nikmalarimni amaliyotda sinab ko‘rish, sohadagi mutaxassislar bilan fikr almashish hamda yangi yondashuvlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldim. Turli loyihalar ustida ishlash jarayonida orttirgan ko‘nikmalarim kasbiy faoliyatimda asqotishiga ishonaman.
Birinchi o‘rinni qo‘lga kiritish esa o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashga undaydi. Bu natija yangi loyihalarga qo‘l urish va kasbiy salohiyatimni oshirishga bo‘lgan qiziqishimni yanada kuchaytirdi. Ayniqsa, “SLB” kompaniyasida stajirovka o‘tash imkoniyati sohadagi amaliy jarayonlar bilan yaqindan tanishish va professional muhitda yangi ko‘nikmalarni shakllantirish uchun muhim qadamdir.

Kelgusida “Data Science” va sun’iy intellekt bo‘yicha bilimlarimni chuqurlashtirib, ulardan geologiya va tog‘-kon sanoatidagi amaliy masalalarni hal etishda samarali foydalanishga harakat qilaman, – dedi Z. Minavarova.
Birinchi va ikkinchi o‘rin sohiblariga “SLB” kompaniyasida haq to‘lanadigan stajirovkadan o‘tish imkoniyati berildi. Ular “Data Science”, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda sohaning amaliy vazifalarini hal etish jarayonida ishtirok etadi.
Uch nafar sovrindor “GEOMIN 2026” xalqaro konferensiyasiga chiptalar bilan, finalchilar esa esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA