Toshkent deklaratsiyasi o‘zbek va qozoq adabiy aloqalarini yangi bosqichga olib chiqadi
Shu yilning 2–3-sentabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilarining «Turkiy dunyoning ma’naviy merosi: adabiyot – davrlar va avlodlar muloqoti» xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi, Bokuda o‘tkazilgan Birinchi Turkologiya kongressining 100 yilligi hamda buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan tashkil etildi.
Forumning muhim voqealaridan biri – Toshkent deklaratsiyasining qabul qilinishi bo‘ldi.
Bugun hujjat O‘zbekiston va Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmalari rahbarlari hamda Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti tomonidan imzolandi.
Deklaratsiyada ikki mamlakat ijodkorlari, olimlari, tarjimonlari va madaniyat muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, adabiy asarlarni o‘zaro tarjima qilishni kengaytirish, qo‘shma nashriyot loyihalarini amalga oshirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda adabiy merosni raqamlashtirish kabi muhim vazifalar belgilandi.
So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi adabiy aloqalar yanada faollashdi. Qozoq adibi Kamol To‘qayev asarlarining o‘zbek tilida nashr etilishi, «Tañ-Sholpan» jurnali tomonidan 2023-yilning «O‘zbek adabiyoti yili» deb e’lon qilinishi, 2025-yildan esa «Mereke baspalary» nashriyoti tomonidan o‘zbek yozuvchi va shoirlari asarlarining qozoq tilida chop etila boshlashi bu hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi.
2026-yilda qozoq ijodkorlari Qosimxon Begmanovning «Ulug‘dala sabosi», Mereke Qulkenovning «Shodlik» nomli nazmiy va nasriy kitoblari o‘zbek tilida kitobxonlarga taqdim etildi.
Toshkent forumi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi adabiy-madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, ijodkorlar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish va mushtarak ma’naviy merosni kelgusi avlodlarga yetkazish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Forum doirasida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi esa bu hamkorlikni tizimli ravishda davom ettirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
N.Usmonova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA