Erkin Vohidov: “Yoshlik devoni”
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning “Yoshlik devoni” kitobi o‘tgan asrning ikkinchi yarmida – 1969-yili nashr bo‘lgan va millionlab she’rxonlar qalbini zabt etgan edi. Oradan yarim asrdan ko‘proq vaqt o‘tib O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida ulug‘ shoirning “Yoshlik devoni” nomli she’rlar to‘plami yana nashr bo‘ldi.
Erkin Vohidov zamonaviy o‘zbek she’riyatining eng peshqadam, yorqin siymolaridan biri hisoblanadi.
Shoir ijodi avvalboshdan o‘zining ikki muhim jihati bilan o‘ziga tengdosh shoirlar ijodidan ajralib turardi. Avvalo, Erkin Vohidov deganda ko‘z o‘ngimizda mumtoz adabiyotimizning ming yillik go‘zal va boy an’analarini yangi pog‘onaga ko‘tara olgan donishmand so‘z zargari va ayni paytda juda zamonaviy shoir paydo bo‘ladi.
“...xalqimiz Navoiy va Fuzuliylar, Hofiz va Bedillarning go‘zal va teran g‘azallarini biladi. Uning aruz vazniga didi ana o‘shalarni o‘qib tarbiya topgan. Shu sababdan jo‘n va sayoz misralarning xalqimiz orasida e’tibor topmasligi tabiiy.
Aruz adabiyotning, umuman san’atning hamma turlari kabi talant va mahorat, teran xayol va ehtiros talab qiladi” deb yozgan edi ulug‘ shoirning o‘zi. Shoir “Yoshlik devoni” debochasida shunday yozadi:
Istadim sayr aylamoqni
Men g‘azal bo‘stonida.
Kulmangiz, ne bor senga deb
Mir Alisher yonida.
She’riyat dunyosi keng,
Gulzori ko‘p, bo‘stoni ko‘p,
Har ko‘ngil arzini aytur
Neki bor imkonida... Tabiiyki, shoir Devon tartib berayotganida Hazrat Alisher Navoiy ijodiga cheksiz muhabbati o‘laroq ulug‘ shoir ruhi oldida shogirdlik hisobotini bergan. Chunki u katta sinov oldida turganini, g‘oyat nozik ishga qo‘l urayotganini dil-dildan his qilib turgan. Shuning uchun ham “ustimdan kulishga oshiqmang” deya o‘quvchisiga botinib ayta olgan edi. Sobiq sho‘ro davri mafkurasi g‘azal va mumtoz adabiyotga daxldor janrlarni "eskilik sarqiti", yo‘q bo‘lib ketishga mahkum she’riy janrlar deb qarar va targ‘ib qilardi.
Erkin Vohidov o‘zining dilbar g‘azallari, xususan, “Yoshlik devoni” bilan kamsitib kelingan ushbu janrning jozibadorligini, qalbga yaqinligini, hayotiyligini isbotlab berdi.
Shoir g‘azallari juda ravon, xalqchil va jarangdor edi. Devondagi aksar g‘azallar vatanparvarlik, sog‘inch va sevgi tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgani uchun deyarli hammasi san’atkorlar tomonidan qo‘shiq qilib kuylangan.
O‘zbek xalqining o‘z adabiy ildizlariga, qadriyatlariga va ona tiliga bo‘lgan hurmatini uyg‘otishda ushbu devon beqiyos rol o‘ynaganiga shubha yo‘q.
Erkin Vohidovning ushbu devoni nafaqat o‘z davri uchun, balki bugungi kun yoshlari uchun ham nafosat, go‘zallik va yuksak adabiy did maktabi bo‘lib xizmat qilgusi.
Qo‘nib gul uzra bulbul
Ishq kitobini varaqlabdur.
Yumuq tong ko‘zlari
O‘tliq navosidan charoqlabdur.
Paridek nozu istig‘no etib,
Tong lola ruxsorin
Yuvib shabnam bilan
Bir tomchi shabnamdek yaroqlabdur.
Shafaq ko‘zgusida
O‘z husniga oshiq bo‘lib boqmish
Va tog‘larni taroq aylab,
Sochi zarrin taroqlabdur.
Parivash yuzi jabridan
Ko‘zim arz aylasa tongga,
U ham ko‘zim qarolab,
Ul pari yuzini oqlabdur.
Firog‘ida kuyib derman:
U qaysi sirli qudratkim,
Uni menga yaqin aylab,
Meni undan yiroqlabdur.
Ajab, tong xobida Erkin
Ko‘ribdur yorini, evoh,
Ko‘z ochsa yori yo‘q,
Ikki qo‘li yostiq quchoqlabdur...
Erkin Vohidovning “Yoshlik devoni” to‘plami aziz kitobxonlarning qalb javonidan munosib o‘rin olgusidir.
A.Narzulloyev, O‘zA