Toshkent aeroportida xorijdan olib kelingan sintetik narkotik modda to‘xtatib qolindi
Davlat xavfsizlik xizmati va “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari hamkorligida Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, xorijdan uchib kelib bojxona nazoratidagi yashil yo‘lak orqali harakatlangan Farg‘ona viloyatida yashovchi, 1988 y.t. shaxs va 2006 y.t. Rossiya Federatsiyasi fuqarosiga tegishli qo‘l yuklari hamda bagajlari bojxona nazoratidan o‘tkazildi.
Natijada, sport ozuqasi niqobi ostida qadoqlangan ikkita yelim idish ichida mos ravishda 500 va 486 grammdan iborat jami 986 gr “Al’fa-PVP” sintetik narkotik moddasi borligi aniqlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, Sergeli tumani hududidagi xufiya joyga qoldirilgan ushbu giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan vaqtida uning buyurtmachisi bo‘lgan poytaxtlik 1996 y.t. shaxs ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlarga duch kelsangiz ДХХнинг 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.
