To‘rtinchi milliy dastur: ekologik mas’uliyat — taraqqiyotimizning muhim sharti
Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda davlatimiz rahbari yettita ustuvor yo‘nalishda milliy dasturlarni ilgari surdi. Uning har bir yo‘nalishi bugungi islohotlarimizning mantiqiy davomi sifatida yangi sifat bosqichlariga erishishga qaratilgan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulchehra Tojiboyeva o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Prezident Shavkat Mirziyoyevning tarixiy nutqida mamlakatimizning yangi taraqqiyot bosqichi uchun muhim ustuvor vazifalar belgilab berildi. Ular orasida suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqish kabi vazifalar alohida ahamiyatga ega. Bu vazifalar zamirida juda muhim bir g‘oya mujassam: endi taraqqiyotni tabiatdan ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Bugun iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining cheklangani, havo ifloslanishi, yer va suv ekotizimlariga bosimning kuchayishi butun insoniyat oldida turgan jiddiy muammolardir. Shu bois, ekologik xavfsizlikni ta’minlash faqat sohaviy vazifa emas, balki iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy taraqqiyotning muhim shartiga aylanmoqda.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakili sifatida Prezidentimiz nutqida ilgari surilgan ekologik ustuvorliklarni mamlakatimizda inson uchun munosib, sog‘lom va xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan strategik siyosatning mantiqiy davomi, deb baholaymiz.
Prezident nutqida kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga yetkazish vazifasi belgilandi. Bu raqam ortida ulkan strategik maqsad bor. Suv — qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, aholi farovonligi va iqtisodiy barqarorlikning asosiy resurslaridan biri. Shuning uchun suvdan samarali foydalanish faqatgina bugungi kunning emas, balki kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyat masalasidir.

Tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish, raqamli texnologiyalar asosida suv sarfini hisobga olish, yo‘qotishlarni kamaytirish kabi yondashuvlar endi tanlov emas, zamon talabidir. Biroq, suv tejamkorligi faqat texnologiya bilan ta’minlanmaydi. Buning uchun jamiyatda suvga munosabat ham o‘zgarishi kerak. Har bir xonadonda, har bir korxonada, har bir fermer xo‘jaligida suvni asrash madaniyati shakllansa, bu umummilliy ekologik natijaga aylanadi.
“Yashil makon” umummilliy harakati mamlakatimiz ekologik siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Endi asosiy vazifa — uni yangi sifat bosqichiga olib chiqish. Bu esa, avvalo, ko‘chat ekish bilan birga uni parvarishlash, asrash va yashovchanligini ta’minlashga ustuvor ahamiyat berishni anglatadi.
Daraxt — oddiy yashillik emas. U toza havo, soya-salqinlik, shahar mikromuhitini yaxshilash, chang va issiqlik ta’sirini kamaytirish, inson salomatligini muhofaza qilishga xizmat qiladigan tabiiy boylikdir. Shu nuqtai nazardan, maktab, maktabgacha ta’lim tashkiloti, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlarni jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilish vazifasi nihoyatda muhim.
Bugun biz ko‘chat ekishni emas, yashil infratuzilmani barpo etishni maqsad qilishimiz kerak. Yashil hududlarning miqdori bilan bir qatorda sifati, parvarishi, sug‘orish tizimi va uzoq muddatli muhofazasi ham doimiy nazoratda bo‘lishi lozim.
Prezidentimiz nutqida mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirish g‘oyasi ilgari surildi. Bu yondashuv ekologik siyosat uchun ham katta imkoniyatlar ochadi. Chunki ekologik muammo, eng avvalo, mahallada ko‘rinadi. Ko‘chaning tozaligi, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish, ariq va kanallarning holati, yashil hududlarning saqlanishi, suv ta’minoti, havo sifati — bularning barchasi insonning kundalik hayoti bilan bog‘liq. Shu bois, mahallaning ekologik ehtiyojlari ham hududiy dasturlar va infratuzilma loyihalarini shakllantirishda muhim mezonga aylanishi zarur.
Mahalla aholisi qaysi hududga daraxt ekish, qayerda yashil maydon tashkil etish, qaysi ariq yoki kanalni tartibga keltirish, chiqindilarni boshqarishda qanday muammo borligini eng yaxshi biladi. Demak, ekologik taraqqiyotning eng samarali modeli — aholi ehtiyojidan boshlanadigan modeldir.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, tabiatga munosabat xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Bu fikr ekologik siyosatning mazmun-mohiyatini to‘la ifoda etadi. Qonunlar va nazorat mexanizmlari qanchalik mukammal bo‘lmasin, insonning o‘zi tabiatni asrashni o‘zining ichki ehtiyoji va burchi deb bilmasa, kutilgan natijaga erishish qiyin.
Shuning uchun ekologik madaniyatni oila, mahalla va ta’lim muassasalaridan boshlash zarur. Bolaga daraxtni asrashni, suvni tejashni, chiqindini belgilangan joyga tashlashni o‘rgatish — aslida unga Vatanga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishni o‘rgatishdir. Ekologik tarbiya bugungi kun uchun emas, ertangi kun uchun beriladigan eng muhim tarbiyadir.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida iqtisodiy o‘sish va ekologik barqarorlik bir-biriga zid tushunchalar emas. Aksincha, resurslarni tejash, energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, chiqindilarni qayta ishlash va ekologik toza texnologiyalarni joriy etish yangi iqtisodiy imkoniyatlarni yaratmoqda.
Ekologik siyosatni inson salomatligi, ijtimoiy himoya va hududlarni kompleks rivojlantirish siyosati bilan uyg‘unlashtirish bugungi kunning muhim talabidir. Parlamentda ekologik masalalarni qonunchilik va parlament nazorati nuqtai nazaridan izchil ilgari surish, aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan ekologik muammolarni tizimli o‘rganish va ularning amaliy yechimiga erishish borasida deputatlarning mas’uliyati ham shunga yarasha ortib bormoqda.
Xulosa o‘rnida aytganda, tabiatni faqat asrash emas, balki inson va tabiat uyg‘unligini ta’minlaydigan yangi taraqqiyot madaniyatini shakllantirish bugungi vazifamizga aylanishi lozim. Zero, Yangi O‘zbekistonning yangi qiyofasi nafaqat zamonaviy shaharlar va obod mahallalarda, balki toza havo, musaffo suv, yashil hududlar va tabiatga mas’uliyatli munosabatda ham namoyon bo‘ladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA