To‘rt bokschimiz Koreyada jang qiladi
Koreya Respublikasining Ansan shahrida "Cocky Buffalo" promouterlik kompaniyasi tomonidan joriy yil 23 oktyabr kuni professional boks oqshomi tashkil etiladi.
Unda to‘rt nafar charm qo‘lqop ustalarimiz ishtirok etadi. Kechada, o‘ta yengil vazn toifasida "WBO Oriental" kamari sohibi Olimjon Nazarov filippinlik Maykl Medozaga qarshi ringga ko‘tarilsa, Ravshanbek Shermatov mezbon Dong Xo Komga, Abdulazizbek Najmiddinov esa Sung Xen Kimga qarshi reyting jangini o‘tkazadi. Shuningdek, Abdurasul Ismoilov ham koreyalik Mo Xyun Kim bilan jang qiladi.
Shuningdek, "Cocky Buffalo" promouterlik klubida murabbiy sifatida faoliyat olib borayotgan hamyurtimiz, iste’dodli murabbiy Bobur Najmiddinovning yana bir vetnamlik shogirdi, 47.6 kilogramm vazn toifasi vakili Ti Tu Ni Nguyan ushbu kechaning markaziy jangida yaponiyalik Etsuka Tadadan o‘ziga tegishli bo‘lgan "WBO Oriental" kamarini himoya qiladi.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA