To‘qsonbosti ekinlarni kengaytirish muhokama qilindi
Ayni paytda to‘qsonbosti ekinlarni ekish mavsumi. To‘qsonbosti ekinlar kech kuzda ekilib, qishni tuproqda o‘tkazadigan va erta bahorda unib chiqadigan ekinlardir. Ushbu turdagi ekinlar erta bahorda namlikdan samarali foydalanib, ertaroq hosil berishi bilan muhim hisoblanadi. Shu bois, ayni mavsumda to‘qsonbosti ekinlarni kengaytirish, yerdan unumli foydalanish choralarini ko‘rish dolzarb ahamiyatga ega.
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Haitov Urganch tumanidagi G‘aybu qishlog‘ida partiya elektorati bo‘lgan fermerlar va tomorqa yer egalari bilan uchrashdi. Muloqotda yerdan samarali foydalanish, to‘qsonbosti ekinlarni kengaytirish va aholi daromadlarini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv doirasida to‘qsonbosti ekinlarni yetishtirish bo‘yicha amaliy seminar ham tashkil etildi. Unda ekinlarni to‘g‘ri joylashtirish, hudud sharoitiga mos navlarni tanlash, suvdan tejamkor foydalanish va agrotexnik tadbirlarni sifatli tashkil etish bo‘yicha tajriba almashildi.
Qayd etilganidek, Xorazm viloyatida 2027-yil hosili uchun 31,9 ming gektar maydonda to‘qsonbosti ekinlarini joylashtirish rejalashtirilgan. Bu orqali 312 ming tonna piyoz va 69 ming tonna sarimsoq yetishtirish, hosilning qariyb 298 ming tonnaсини ichki bozorga yetkazib berish ko‘zda tutilmoqda.
Uchrashuv davomida 1,8 gektar yer maydonining 30 sotixida to‘qsonbosti ekinlarini yetishtirib, yiliga qariyb 200 million so‘m daromad olayotgan dehqonning tajribasi alohida e’tirof etildi. To‘qsonbosti ekinlarini kengaytirish, yerdan unumli foydalanish va dehqonlar daromadini oshirish bo‘yicha amaliy vazifalar belgilab olindi.
M.Komilova,
O‘zA