Dorivor o‘simliklar: daladan Yevropa bozorigacha bo‘lgan yo‘l
Qishloq xo‘jaligida yuqori daromadli va tashqi bozorda talab yuqori bo‘lgan ekin turlarini ko‘paytirish bugun oddiy mahsulot yetishtirishdan ko‘ra kengroq iqtisodiy ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, dorivor o‘simliklar yetishtirish qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, eksport geografiyasini kengaytirish va yerdan samarali foydalanishning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani Chim mahallasida faoliyat yuritayotgan “BBU-Azamat” MCHJ misolida bu jarayonni yaqqol ko‘rish mumkin.
Yetti yildan buyon faoliyat yuritayotgan korxona ixtiyorida 180 gektar yer maydoni mavjud. Xo‘jalik shu paytgacha asosan gulxayri va shirinmiya kabi dorivor o‘simliklarni yetishtirib, ularni quritilgan holda xorijga eksport qilib kelgan. So‘nggi yillarda esa korxona bu yo‘nalishni yana bir turdagi dorivor o‘simlik – jasmin choyi yetishtirish hisobiga kengaytirmoqda.
Qizig‘i shundaki, yangi ekin dastlab katta maydonda emas, tajriba tariqasida sinovdan o‘tkazilgan. Birinchi yili bir gektar maydonda ekib ko‘rilgan jasmin choyi keyingi mavsumda 3-4 gektarga yetkazildi. Olingan natija esa korxonani bu ekinning sanoat miqyosidagi plantatsiyasini yaratishga undadi. Joriy yilda 63 gektar maydonda jasmin choyi yetishtirilmoqda.
– Dastlab bu o‘simlikni kichik maydonda sinab ko‘rdik. Samarasini ko‘rganimizdan keyin maydonni bosqichma-bosqich kengaytirdik. Bu yil esa 63 gektar maydonda plantatsiya tashkil etdik, – deydi “BBU-Azamat” MCHJ rahbari o‘rinbosari Do‘stmurod Choriyev.
Bu tajriba yangi ekin turini joriy etishda bosqichma-bosqich yondashuv muhimligini ko‘rsatadi. Avvalo, bozor va yetishtirish texnologiyasi amaliyotda sinovdan o‘tkaziladi. Samara tasdiqlanganidan keyingina ishlab chiqarish hajmi oshiriladi.
[gallery-31810]
Korxonada jasmin choyini yetishtirish ham muayyan texnologiya asosida yo‘lga qo‘yilgan. O‘simlik erta bahorda ko‘chat qilib ekiladi. Dastlab ko‘chatlar parvarishlanib, keyin dalaga ko‘chiriladi. O‘tqazilgandan 70-80 kun o‘tib barg chiqara boshlaydi. Yoz o‘rtalaridan birinchi o‘rim, sentabr boshlarida esa ikkinchi o‘rim amalga oshiriladi.
Joriy mavsumda 63 gektar maydondan 150 tonnadan ziyod mahsulot olish rejalashtirilgan. Hozirga qadar qariyb 100 tonna, aniqrog‘i 96 tonna hosil tayyorlangan.
Hosilni yig‘ishda ham mahsulot sifatini saqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘simlik asosan qo‘lda o‘riladi. Bu usul mahsulotning yo‘qotilishini kamaytirish imkonini beradi. O‘rimdan keyin esa hosil dala sharoitida quyoshda quritiladi. Namlik yuqori bo‘lgan hollarda mahsulot quruq joyga olib chiqilib, 3-4 kun davomida quritiladi.
– Mahsulotni asosan qo‘lda o‘ramiz. Chunki shu tarzda o‘rilganda yo‘qotish kamayadi va mahsulotni sifatli holda tayyorlash imkoni bo‘ladi. Quritilgandan keyin bargini qoqib, birlamchi qayta ishlaymiz, – deydi Do‘stmurod Choriyev.
Shu tariqa, dalada yetishtirilgan o‘simlik oddiy xomashyo sifatida emas, balki birlamchi qayta ishlangan, quritilgan mahsulot ko‘rinishida tashqi bozorga chiqariladi.
Buning o‘zi qishloq xo‘jaligi mahsulotining eksportdagi raqobatbardoshligi masalasini kun tartibiga olib chiqadi. Chunki bugun tashqi bozorda faqat mahsulot miqdori emas, uning sifati, yetishtirish texnologiyasi va ekologik tozaligi ham muhim.
“BBU-Azamat” MCHJ mahsulotining asosiy xaridorlari Yevropa davlatlaridir. Mahalliy bozorda ushbu mahsulotga talab yuqori emas. Yevropa bozorlarida esa jasmin choyi xomashyosidan farmatsevtika yo‘nalishida foydalaniladi.
Mahsulotning raqobatbardoshligini ta’minlayotgan yana bir jihat – uni yetishtirishda kimyoviy preparatlardan foydalanilmasligidir. Korxonada asosan mahalliy o‘g‘itlardan foydalaniladi. Bu esa tabiiy va ekologik toza mahsulotga talab yuqori bo‘lgan tashqi bozor uchun muhim ustunlik.
– Mahsulotimiz tabiiyligi bilan ham xaridorgir. Uni yetishtirishda kimyoviy preparatlardan foydalanmaymiz. Shu bois Yevropa bozorlarida ham mahsulotimizga talab bor. Hozir asosan xomashyo yetkazib beryapmiz, kelajakda esa o‘zimizda qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish niyatimiz bor, – deydi D.Choriyev.
Aslida, masalaning eng muhim iqtisodiy jihati ham shunda. Hozir korxona asosan xomashyo yetkazib bermoqda. Ya’ni mahsulotning keyingi qayta ishlash bosqichlari xorijda amalga oshiriladi va qo‘shimcha qiymatning muayyan qismi ham o‘sha yerda yaratiladi. Korxonaning kelgusida o‘z hududida qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish niyati shu nuqtai nazardan muhim.
Agar bu reja amalga oshsa, 63 gektar maydonda yetishtirilayotgan mahsulot faqat quritilgan xomashyo sifatida emas, balki yuqoriroq qo‘shilgan qiymatga ega tayyor yoki yarim tayyor mahsulot sifatida tashqi bozorga chiqarilishi mumkin. Bu esa eksport tushumini oshirish bilan birga, hududda qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va qishloq xo‘jaligi mahsulotining qiymat zanjirini uzaytirish imkonini beradi.
Qamashidagi ushbu tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, yerdan samarali foydalanishni faqat hosildorlik bilan o‘lchash yetarli emas. Muayyan hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos, tashqi bozorda talab yuqori bo‘lgan va qayta ishlash imkoniyati mavjud ekin turlarini tanlash ham muhim.
Kecha bir gektarda sinovdan o‘tkazilgan ekinning bugun 63 gektarlik plantatsiyaga aylanishi bozor talabi, tadbirkorlik tashabbusi va qishloq xo‘jaligida yangi yo‘nalishlarni sinab ko‘rish samarasining bir ko‘rinishi.
Eng muhimi, bu tajribada yerdan mahsulot olish bilan birga uni tashqi bozorga olib chiqish mexanizmi ham shakllanmoqda. Endi asosiy vazifa yetishtirish hajmini oshirish bilan bir qatorda, uni chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish. Ana shunda Qamashi dalalarida yetishtirilgan dorivor o‘simlik nafaqat Yevropa farmatsevtika sanoati uchun xomashyo, balki yuqori qo‘shilgan qiymatli eksport mahsulotiga aylanishi mumkin.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari