Top-100 xorijiy universitetlarda tahsil olayotgan o‘zbek talabalari bilan muloqot qilindi
Poytaxtimizda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Ma’lumki, bugungi kunda “Yoshlar kuni” doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar yoshlar bilan ochiq muloqotni kuchaytirish, ularni tashvishlantirayotgan masalalarni o‘rganish va takliflarini tinglashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda tashkil etilgan uchrashuvda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori top-100 xorijiy universitetlarda tahsil olayotgan o‘zbek talabalari bilan samimiy muloqot qildi.
Qayd etilganidek, eng zamonaviy strategiyalar ham, eng puxta qonunlar ham ularni amalga oshiradigan bilimli, halol, tashabbuskor va mas’uliyatli kadrlar bo‘lsagina kutilgan natijalarga erishiladi.
Bugun davlat boshqaruvi tizimiga strategik fikrlaydigan, xalqaro tajribani chuqur tushunadigan, iqtisodiy tahlil qila oladigan, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanadigan, xorijiy tillarni mukammal biladigan va eng muhimi, mamlakat taraqqiyoti uchun mas’uliyatni his qiladigan mutaxassislar kerak.
[gallery-30437]
–Top-10, 50, 100 talikka kirgan universitetlarda bilim egallayotgan yoshlarimiz nafaqat muvaffaqiyatli, balki O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyoti uchun ham katta ahamiyatga ega bo‘lajak kadrlar hisoblanadi, – dedi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov. – Bu kabi yoshlarni biz kelajakda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tizimida ko‘rishdan manfaatdormiz. Agentlik bugun mamlakatdagi eng muhim iqtisodiy islohotlarni amalga oshirayotgan tashkilotlardan biri hisoblanadi.
Bu yerda xalqaro investorlar bilan muzokaralar olib boriladi, yirik xususiylashtirish bitimlari tayyorlanadi, davlat ishtirokidagi korxonalar transformatsiya qilinadi, korporativ boshqaruvning xalqaro standartlari joriy etiladi, kapital bozori rivojlantiriladi hamda mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan qarorlar qabul qilinadi. Bu jarayonlarda eng asosiy boylik — bilimli inson kapitali hisoblanadi.
Shuningdek, tadbirda mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik va sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha so‘z yuritildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA