Tokioda Mustaqillik: O‘zbekiston-Yaponiya do‘stligi mustahkamlandi
Tokiodagi nufuzli New Otani mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yillik yubileyi munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Yaponiya davlat va jamoatchilik doiralarining yuqori martabali vakillari, yirik kompaniyalar rahbarlari, mamlakatimizning Yaponiyadagi vatandoshlari, O‘zbekistondan tashrif buyurgan mehmonlar, san’atkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Elchixonamiz tomonidan o‘tkazilgan marosim davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stona va strategik munosabatlar, xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va hamkorlik aloqalari alohida ta’kidlandi.
Bayram dasturidan milliy musiqa va san’at namunalari, O‘zbekiston madaniyati va an’analarini aks ettiruvchi chiqishlar hamda samimiy uchrashuvlar o‘rin oldi.
Bugun O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yillik shodiyonasi dunyoning turli mamlakatlarida keng nishonlanmoqda. Uzoq Tokio shahrida ham ushbu qutlug‘ sana vatandoshlarimiz va O‘zbekiston bilan do‘stona aloqalarni qadrlaydigan yapon hamkorlarimizni bir davraga jamladi.
Bu tantanalar — O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi taraqqiyoti, milliy qadriyatlari va xalqaro hamjamiyatdagi tobora mustahkamlanib borayotgan aloqalarining yorqin ifodasidir.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA