To‘g‘onlar mustahkamligi qanday nazorat qilinadi? (+video)
Suv omborlari mamlakatimiz hayotida muhim o‘rin tutadi.
Ular qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlash, elektr energiyasi ishlab chiqarish va boshqa sohalarda keng foydalaniladi. Shu bois bunday yirik inshootlarning mustahkamligi va xavfsizligini ta’minlash doimiy e’tiborni talab etadi.
Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamlik institutida ham suv omborlari to‘g‘onlarining texnik holatini o‘rganish, ularning mustahkamligi va ustuvorligini baholash bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borilmoqda.
Institut ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, texnika fanlari nomzodi Sa’dullaxon Umarxonovning ta’kidlashicha, bugungi kunda to‘g‘onlarni o‘rganishda zamonaviy texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt va kosmik monitoring imkoniyatlaridan ham foydalanilmoqda.
Uning aytishicha, institut O‘zbekiston Respublikasi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bilan hamkorlikda to‘g‘onlarni kosmik monitoring qilish yo‘nalishida ish olib bormoqda. Kosmik kuzatuvlar orqali to‘g‘onlardagi ko‘chish va deformatsiyalar haqida ma’lumotlar olinib, ular institut mutaxassislari amalga oshirayotgan nazariy va kompyuter hisob-kitoblari bilan solishtiriladi.
Ayni paytda to‘g‘onlarga seysmik kuchlar ta’sirida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan deformatsiyalar ham o‘rganilmoqda. Tadqiqotlar yakunida har bir to‘g‘on bo‘yicha alohida xulosa va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Olimning aytishicha, mamlakatimizdagi yirik to‘g‘onlar doimiy nazoratda bo‘lib, ularning holati maxsus xodimlar tomonidan muntazam kuzatib boriladi. Suv sathi, to‘g‘on tanasidan suv sizib o‘tishi va boshqa muhim ko‘rsatkichlar maxsus o‘lchov vositalari yordamida nazorat qilinadi.
To‘g‘onlardagi har qanday o‘zgarishni o‘z vaqtida aniqlash juda muhim. Chunki bunday inshootlarning shikastlanishi katta iqtisodiy zarar va talafotga olib kelishi mumkin.
Shuning uchun to‘g‘onlarni loyihalash va qurish bosqichidan boshlab, ularning mustahkamligi va ustuvorligi puxta hisoblab chiqiladi. Foydalanish jarayonida esa zamonaviy monitoring tizimlari orqali ularning holati muntazam nazorat qilib boriladi.
N.Rahmonova,
N.Abduvoitov(video),
S.Obidjonov (montaj), O‘zA