Tog‘asining 336 million so‘mini o‘zlashtirgan jiyan: Sud pulni undirdi
Insonlar o‘rtasida qarindoshlik rishtalarining mustahkamligi va uzoq davom etishida o‘zaro ishonch muhim o‘rin tutadi.
Biroq, bu ishonchni suiiste’mol qilish nafaqat moddiy zararga, balki oilaviy va qarindoshlik munosabatlarining buzilishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Xususan, fuqaro U.J. ham jiyanining tanish-bilishlari orqali uy olib berish haqidagi va’dalariga ishonadi. Tog‘a jiyanining gaplariga ishonib, yillar davomida yig‘ib-terib to‘plagan mablag‘ini unga topshiradi. Biroq, keyinchalik jiyani uy-joy olib berish bahonasida undan 336 million 884 ming so‘m pulni o‘zlashtirib yuborgani ma’lum bo‘ladi.
Natijada jabrlanuvchi o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2026-yil 20-maydagi hukmi asosida jabrlanuvchi J.U. foydasiga 336 million 884 ming so‘m undirish belgilangan.
Mazkur sud hujjati ijrosini ta’minlash to‘g‘risidagi ijro hujjati 2026-yil 24-sentabr kuni Majburiy ijro byurosi Shayxontohur tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Shu kunning o‘zida ijro ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qonunda belgilangan tartibda ijro harakatlari boshlangan. Ijro harakatlari davomida davlat ijrochisi D.Saydaxmedova tomonidan sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti Toshkent shahar hududiy bo‘limining depozit hisobvarag‘ida bo‘lgan mablag‘larni tegishli tartibda o‘tkazish choralari ko‘rildi. Aniqrog‘i, A.A.ning qarindoshlari tomonidan 2026-yil 23-iyul kuni to‘lov pattasi asosida depozit hisobvarag‘iga to‘langan 341 million 720 ming 100 so‘m mablag‘dan undiruvchiga tegishli bo‘lgan 336 million 884 ming so‘m to‘liq o‘tkazib berildi.
Shu tariqa, sud hujjatida belgilangan talab amalda bajarilib, jabrlanuvchining buzilgan mulkiy huquqlarini tiklash ta’minlandi. Ijro ishi qonunning 41-moddasi birinchi bandiga asosan amalda tamomlandi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA