“Tinchlik” obod maskanga aylandi
Tinchlik mahallasida “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” dasturlari mezonlari doirasida hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Ko‘chalar toza va ozoda holga keltirildi. Eskirgan simyog‘ochlar beton ustunlarga almashtirildi. 4 ta transformator ta’mirlanib, 160 ta tungi yoritish ustuni o‘rnatildi. 4,5 km ichki yo‘llar mukammal ta’mirlandi, 2,5 km ariq va 6,5 km zovurlar tozalandi. Mavjud sport maydonchasi, umumta’lim maktabi, oilaviy shifokorlik punkti, mahalla idorasi bino va inshootlari qayta ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
Kuni kecha Sirdaryo viloyati Boyovut tumanining “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi oldidan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam tashla” sport sog‘lomlashtirish tadbiri o‘tkazildi. Unda aholi vakillari, tuman, viloyat hokimligi, tashkilot va muassasalar rahbarlari faol ishtirok etdi. Sport- sog‘lomlashtirish tadbiri “Tinchlik” mahallasidagi Nosir Mahmudov nomli oilaviy shifokorlik punktida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Hakimov tashabbusi bilan tashkil etilgan navbatdagi tibbiy ko‘rik jarayonlariga ulanib ketdi.
[gallery-13314]
O‘tkazilgan tibbiy ko‘rikda 450 nafarga yaqin aholi vakillari qatnashgan bo‘lsa, ulardan bir nafariga respublika miqyosidagi, 6 nafariga viloyat darajasidagi, 34 nafariga tuman darajasidagi davolash profilaktika muassasalariga yo‘llanma va tavsiya berilib, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan dori-darmonlar bepul taqdim etildi.
–Hukumatimizdan minnatdormiz – deydi “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Doniyor Xo‘janov. – Davlatimiz tomonidan mahallamizda olib borilgan ulkan bunyodkorlik ishlari hamqishloqlarimizning ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi, hukumatimizga bo‘lgan mehr-muhabbatini yanada oshirdi.
Bunday xayrli ishlar Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi bayrami oldidan yurtimiz bo‘ylab keng quloch ochmoqda.
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev,(surat), O‘zA muxbirlari