Tinchlik bor joyga investor keladi, O‘zbekiston turizmining yangi imkoniyatlari
Global geosiyosiy ziddiyatlar va iqtisodiy beqarorlik kuchayayotgan bugungi davrda mamlakat tinchligi nafaqat siyosiy barqarorlik, balki iqtisodiy taraqqiyotning ham bosh omilidir. Ayniqsa, turizm sohasida davlatning xavfsiz manzil sifatidagi imiji sayyohlar oqimi va xorijiy investitsiyalarni jalb etishda hal qiluvchi mezon hisoblanadi.
2026-yil iyun oyida e’lon qilingan “Global Peace Index” natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 163 davlat orasida 37-o‘rinni egallab, Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Mamlakatning bir yil ichida 30 pog‘ona yuqorilashi O‘zbekistonning tinchlik va barqarorlik borasidagi pozitsiyasiga xalqaro e’tibor ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Tinchlikning turizm taraqqiyotidagi o‘rni, Samarqandning xalqaro turistik markaz sifatidagi istiqbollari haqida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori Muxsinjon Xolmuxamedov bilan suhbatlashdik.
– “Global Peace Index 2026” reytingida O‘zbekistonning 37-o‘rinni egallashi turizm rivoji uchun qanday ahamiyatga ega?

– Turizm uchun tinchlik va xavfsizlik eng muhim omillardan biri. Sayyoh mamlakat tanlayotganda uning tarixiy obidasi, tabiati yoki milliy taomlari bilan bir qatorda, avvalo, o‘zini qanchalik xavfsiz his qilishi haqida o‘ylaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘zbekistonning “Global Peace Index 2026” reytingida 37-o‘rinni egallashi muhim natija. Ayniqsa, mamlakatning o‘tgan yilgi 67-o‘rindan 30 pog‘ona yuqorilagani e’tiborga molik. Bu natija O‘zbekistonni xalqaro turizm bozorida xavfsiz va barqaror turistik yo‘nalish sifatida targ‘ib qilish uchun qo‘shimcha imkoniyat beradi.
Tinchlik va turizm bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir. Barqaror muhit turizm rivojiga keng yo‘l ochsa, turizm sohasi iqtisodiy faollik, yangi ish o‘rinlari va aholi daromadlarini oshirish orqali jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlikni yanada mustahkamlaydi.
Bugun sayyohlar manzil tanlayotganda xavfsizlik, jinoyatchilik darajasi, siyosiy barqarorlik va madaniy ochiqlikka jiddiy e’tibor qaratmoqda. Shu bois O‘zbekistonning tinchlik reytingidagi ijobiy dinamikasi mamlakatning turistik imijiga ham ta’sir ko‘rsatishi tabiiy. 2026-yilning dastlabki yetti oyida mamlakatga 7,75 million nafar xorijiy turist tashrif buyurgani va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,6 foizga ko‘paygani ham sohadagi o‘sish sur’atlarini ko‘rsatadi.
Samarqandni faqat tarixiy yodgorliklar jamlangan shahar sifatida qabul qilish to‘g‘ri emas. U bugun ilm-fan, ta’lim, madaniyat va xalqaro muloqot markazi sifatida ham o‘z mavqeini mustahkamlamoqda. Samarqand Buyuk ipak yo‘lining eng muhim markazlaridan biri bo‘lgan. Ipak yo‘li esa tarixda nafaqat savdo-sotiq, balki turli xalq, madaniyat va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot vositasi vazifasini ham bajargan.
Shu ma’noda bugungi Samarqandda turizmni rivojlantirish tarixiy merosni namoyish etish bilan cheklanmasdan, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamkorlik g‘oyalarini zamonaviy mazmun bilan davom ettirish demakdir.
– “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti ushbu jarayonda qanday o‘rin tutadi va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari mamlakat turizmiga qanday amaliy natija berishi mumkin?
– Universitetimiz 2021-yilda tashkil etilgan bo‘lsa-da, qisqa vaqt ichida turizm va madaniy meros sohasida ta’lim va ilmiy-tadqiqot ishlarini birlashtirgan xalqaro markaz sifatida shakllanmoqda. Biz uchun Ipak yo‘li tushunchasi oddiy tarixiy brend emas. Universitet faoliyatida Ipak yo‘li xalqlar o‘rtasida tinchlik, o‘zaro tushunish va hamkorlik ko‘prigi sifatida talqin qilinadi.
Buning uchun ta’lim dasturlarimizda turizmning iqtisodiy jihati bilan bir qatorda, tinchlik, madaniyatlararo muloqot va turizm diplomatiyasiga ham e’tibor qaratilmoqda. “Tinchlik va turizm” fani doirasida GPI metodologiyasi, mojarolarni boshqarish va turizm diplomatiyasi kabi mavzular o‘rganiladi. Zamonaviy turizmni ilm-fansiz tasavvur qilish qiyin. Bugun sayyohlik mahsulotini yaratishdan tortib, madaniy meros ob’ektini asrash, raqamlashtirish va yangi turistik yo‘nalishlarni ishlab chiqishgacha bo‘lgan jarayonlarda ilmiy yondashuv zarur.
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti madaniy merosni raqamlashtirish, tarixiy shaharlar arxitekturasi va shaharsozligi, turizm menejmenti va marketingi kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratilmoqda. Gastroturizm, ekoturizm va ziyorat turizmi bo‘yicha yangi dasturlar ishlab chiqish ham shu maqsadga xizmat qiladi. Bundan tashqari, universitet huzuridagi “Ipak yo‘li” xalqaro tadqiqot instituti 2025–2026-yillarda beshta xalqaro konferensiya o‘tkazdi. Ularda 30 dan ortiq davlat olimlari ishtirok etdi. Bu kabi ilmiy muloqotlar Samarqandning xalqaro akademik va turistik nufuzini yanada oshiradi.
– Xalqaro hamkorlik turizm sohasida mamlakat imijiga qanchalik ta’sir ko‘rsatadi?
– Bugun mamlakat haqidagi tasavvur faqat turistik reklama orqali emas, balki ta’lim, ilm-fan, madaniyat va xalqaro muloqot orqali ham shakllanadi. 2026-yil mart oyida Yevropa parlamenti deputatlaridan iborat delegatsiyaning Samarqandga tashrifi ham shu nuqtai nazardan ahamiyatli bo‘ldi. Mehmonlar shaharning tarixiy obidalari bilan birga universitetning ilmiy laboratoriyalari va kutubxonasi bilan tanishdi. Bunday tashrif ilmiy-madaniy aloqalarni kengaytirish bilan birga, O‘zbekistonning tinchliksevar siyosati va turistik salohiyati haqida xalqaro tasavvurni mustahkamlaydi.
Bugungi kunda turizm shunchaki sayyohlarni qabul qilish yoki xizmat ko‘rsatish tarmog‘i emas, balki transport, mehmonxona, umumiy ovqatlanish, savdo, hunarmandchilik, madaniyat va ta’lim kabi o‘nlab sohalarni harakatga keltiruvchi muhim drayverdir. Iqtisodiy samaradorlik izchil oshib bormoqda. 2025-yilda sohadan tushgan daromad 4,2 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yil yakunida bu ko‘rsatkich 5,5–6 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Sayyohlarning o‘rtacha qolish muddati 5,2 kundan 6,5 kunga, bir sayyohning o‘rtacha xarajati esa 385 dollardan 450 dollarga ko‘tarildi. Endilikda asosiy vazifa, faqat sayyohlar sonini ko‘paytirish emas, balki ularning mamlakatda uzoqroq qolishi va ko‘proq turistik xizmatlardan foydalanishini ta’minlashdan iborat.
– Bu borada qanday vazifalarni ustuvor deb hisoblaysiz?
– Birinchi navbatda, turistik infratuzilmani yanada takomillashtirish, xalqaro aviaqatnovlarni ko‘paytirish, xizmatlar sifatini oshirish va malakali kadrlar tayyorlash muhim. Ikkinchidan, madaniy meros ob’ektlarini asrash masalasiga alohida yondashish kerak. Turistlar oqimi qancha ko‘paysa, tarixiy yodgorliklarga tushadigan yuklama ham shuncha ortadi. Shuning uchun turizm rivoji va madaniy meros muhofazasi bir-biriga zid emas, balki uyg‘un jarayon bo‘lishi kerak. Uchinchidan, O‘zbekistonning xavfsiz va tinch mamlakat sifatidagi imijidan samarali foydalanish zarur. “Global Peace Index” kabi xalqaro reytinglardagi natijalarni turistik brendingning bir qismiga aylantirish mumkin.
O‘zA muxbiri
Dilshod HAKIMOV
suhbatlashdi.