EDA AI bo‘yicha shikoyatlar: foydalanuvchilar puli qayerga ketyapti?
Raqobat qo‘mitasiga EDA AI mobil ilovasi faoliyati bo‘yicha iste’molchilardan 10 dan ortiq murojaat kelib tushgan.
Murojaatlarda asosan obuna uchun mablag‘ yechib olinishi, xizmatni bekor qilish va pulni qaytarishdagi qiyinchiliklar, shuningdek, ilova haqidagi reklama va xizmat shartlari bo‘yicha e’tirozlar bildirilgan.
Foydalanuvchilarning aytishicha, ayrim holatlarda bir oylik obuna uchun 38 ming so‘m to‘lashga rozilik bildirilgan bo‘lsa-da, karta ma’lumotlari kiritilgandan keyin ulardan bir yillik obuna puli yechib olingan. Ba’zi murojaatlarda esa obuna mablag‘i bank kartasidan takroran undirilgani aytilgan.
Shuningdek, foydalanuvchilar obunani bekor qilish yoki asossiz yechib olingan pulni qaytarish imkoniyati mavjud emasligidan norozi bo‘lgan. Ilova orqali xizmat ko‘rsatuvchi bilan bog‘lanish, murojaatlarga javob olish masalalarida ham muammolar qayd etilgan.
Murojaatlarda ilovaning ishlashidagi ayrim texnik xatolar, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari kaloriyasini hisoblashdagi noaniqliklar ham tilga olingan.
Yana bir e’tiborli jihat — reklama masalasi. Foydalanuvchilar «Ilovani hozir yuklab oling va bepul sinab ko‘ring», «Oson ozing» kabi da’vatlar xizmatdan foydalanish shartlari haqida to‘liq tasavvur bermasligi mumkinligini bildirgan.
Raqobat qo‘mitasi ushbu murojaatlarni o‘rganib, holatlarga iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablari asosida baho berdi.
O‘rganish natijasida Qo‘mita tomonidan «THINKING APPS» MCHJga EDA AI ilovasidan foydalanishda iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlariga zid bo‘lgan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma yuborildi.
Shuningdek, kompaniyaga foydalanuvchilar bilan munosabatlarda xizmat shartlarini aniq va tushunarli ko‘rsatish, reklama va marketing materiallarida iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilish zarurligi eslatildi.
Muhimi, Qo‘mitaning bu kabi o‘rganishlari iste’molchilarning murojaatlari e’tiborsiz qolmasligi va raqamli xizmatlardan foydalanishda ham ularning huquqlari himoya qilinishiga qaratilgan.
Nigora Rahmonova, O‘zA