Tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li Samarqandda tutashdi
Samarqandda yurtimizda ilk bor o‘tkazilayotgan “I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” xalqaro forumi “Imom Buxoriyning “Al-jomi’ as-sahih” asari –Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro konferensiya bilan o‘z ishini davom ettirdi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Islom olami ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – ICESCO hamkorligida tashkil etilgan nufuzli anjumanda 50 ga yaqin mamlakatdan davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, yetuk ulamolar, akademiklar, tadqiqotchilar, muzey va kutubxona rahbarlari, xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashmoqda.
Anjumanning ochilish marosimi Qur’on tilovati bilan boshlandi. So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti boshlig‘i Muzaffar Komilov, Makka shahridagi “Masjid al-Harom” masjidi Bosh imomi Shayx Solih bin Abdulloh bin Humayd, ICESCO Bosh direktori Salim al-Malik, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiqjon Toshboyev, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi Shayxulislom Olloshukur Poshshozoda va boshqalar so‘zga chiqib, uch kundan buyon davom etayotgan nufuzli forumning bugun Imom Buxoriy mangu orom topgan maskanda o‘tkazilayotgani tarixiy ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladilar. Buyuk muhaddisning “Al-jomi’ as-sahih” asari butun Islom olamining eng mo‘’tabar tarixiy manbalaridan biri sifatida necha asrlardan buyon barcha mo‘min-musulmonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlab kelayotgani qayd etildi.
[gallery-30326]
– Buyuk muhaddisning yuksak ilm va ma’naviyat yo‘li bilan to‘la hayotini, asarlarini o‘rganish bugungi va kelgusi avlodlar ta’lim-tarbiyasi uchun g‘oyat muhim, – dedi Makka shahridagi “Masjid al-Harom” masjidi Bosh imomi Shayx Solih bin Abdulloh bin Humayd. – Uning ilmiy merosi bir necha asrdan buyon musulmon ummatini to‘g‘ri yo‘lga boshlash bilan birga hayratga solib kelmoqda. Chunki bu zot birinchi bo‘lib payg‘ambarimizning eng ishonchli hadislarini yig‘ib, sahih kitob yaratdi. 10 yoshidayoq Qur’on va hadislarni yod olib, ilm yo‘lida har qanday sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tdi. Hadis ilmini o‘rganishda chuqur tadqiq qilish va taqqoslash uslubini yaratib, hadislarni noto‘g‘ri aytuvchi va buzib talqin qiluvchilarga munosib javob bera oldi. Buyuk muhaddisning muvaffaqiyati aslo tasodif emas, bu avvalo Allohning nazari, tinimsiz o‘qib-izlanish, mashaqqatli mehnat va so‘nmas iroda mahsulidir. Shuning uchun Imom Buxoriyni o‘qib-o‘rganish, u zotdan ibrat olish ta’lim-tarbiya go‘yoki qudratli to‘fonga duch kelgan hozirgi zamonda yosh avlodni yuksak insoniy g‘oyalar, ma’rifat ruhi bilan tarbiyalashning asosiy omilidir.
Anjumanda Imom Buxoriyning islom sivilizatsiyasi va jahon tamadduni taraqqiyotidagi o‘rni, “Al-Jomi’ as-sahih” asarining islom ummati uchun ilmiy-ma’naviy ahamiyati, hadislarni tekshirish va tahlil qilish an’analari, hadis merosini zamonaviy tadqiq etish, qo‘lyozmalarni saqlash va raqamlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– Tarixda chuqur iz qoldirgan, ishonch qozongan buyuk siymolar o‘z borliqlari bilan zamonlarni zabt etadilar, – dedi ICESCO Bosh direktori Salim al-Malik. – Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy hazratlari ham ana shunday ulug‘ siymolar qatorida buyuklik darajasida e’tirof etilgan, cheksiz ishonchga sazovor bo‘lgan sobitqadam inson bo‘lgan. Shu bois ham bu zot hadis mulkining amiri, irodasi kuchli inson, tinimsiz mehnat va ilm olishni hayoti mazmuni deb bilgan shaxs sifatida e’tirof etilgan, zamon guvohligi bilan birinchilik maqomiga loyiq ko‘rilgan. Hech kim u kishi bilan raqobat qila olmagan. Uning kitobi Alloh kitobidan keyin eng sahih kitob deb tan olingan. Mana shu haqiqiy sharaf. Imom Buxoriyning bunday sharafga erishish oson kechmaganini yaxshi bilamiz. Axir qaysi inson faqat bir kitob yaratish uchun 16 yil davom etgan mashaqqatli safar yo‘lini bosib o‘tgan?! Qaysi inson 600 ming hadisni to‘plab, saralagan, turli mavzulardagi minglab sahifalarni yozgan, yuzlab olimlar bilan uchrashgan?! Qaysi inson makon va chegaralarini o‘ylamay, o‘nga yaqin yurtni kezib, ilm yo‘lida izlangan?! Shuning uchun ham Imom Buxoriyning merosi barchamiz uchun eng qimmatli manbadir.
Konferensiya ishi beshta ilmiy shu’ba asosida tashkil etildi. Ularda Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgan muhit, “Sahih al-Buxoriy” asaridagi ilmiy mezonlar va hadislarni tasniflash usullari, “Al-Jomi’ as-sahih”ning jahon kutubxonalarida saqlanayotgan nodir qo‘lyozmalari, turli mamlakatlar olimlarining mazkur asarni o‘rganish va targ‘ib etishdagi hissasi, shuningdek, asar bilan bog‘liq ilmiy masalalar va zamonaviy tadqiqot yondashuvlari muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, forum dasturiga muvofiq Samarqandda “Imom Moturidiy merosi – islom sivilizatsiyasining mo‘’tadillik va aql-idrok poydevori” hamda “Islom sivilizatsiyasi va zamonaviy dunyo: meros, muloqot va taraqqiyot” mavzularida ham konferensiyalar tashkil etildi.
Ayni paytda anjumanlar, shu’ba majlislari davom etmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari