Tilanchilik qilganlik uchun qanday jazo ko‘llaniladi?
Huquqiy munosabat
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Aygerim Aripbayevaning qayd etishicha, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188³-moddasiga ko‘ra, tilanchilik bilan shug‘ullanish bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.
Xususan, aeroportlar, vokzallar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari, bozorlar va savdo majmualari hududlari, ularga tutash joylarda, avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida, ko‘chalar, stadionlar, bekatlar, yo‘llarning qatnov qismi, moddiy madaniy meros ob’ektlari joylashgan hududlarda, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy narsalarni berishni tilanib so‘rash javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shuningdek, voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy holati buzilgan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqa shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoxud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi moddalarni majburan iste’mol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA