Kosmetika sanoatida muhim bosqich: Fransiya va Koreya vakillari bilan strategik kelishuvlarga erishildi
2026-yilning 26-30-aprel kunlari dunyodagi yetakchi parfyumeriya va kosmetika tarmoqlaridan biri bo‘lgan COSMETIC VALLEY vakillari boshchiligida 12 nafardan iborat Fransiya delegatsiyasining O‘zbekistonga xizmat safari amalga oshirildi. Delegatsiya tarkibiga yetakchi kompaniyalar rahbarlari, ilmiy laboratoriyalar vakillari hamda soha mutaxassislari kiritilgan.
Mazkur tashrif O‘zbekiston kosmetika sanoatini barqaror rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi. Safar doirasida delegatsiya a’zolari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib, mahalliy bozor ishtirokchilari bilan uchrashuvlar, sanoat korxonalariga tashriflar hamda “Tashkent Pharma Park” (“Bio Pharma City”) innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri faoliyati bilan tanishdi.
Tadbirning faxriy mehmoni sifatida Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor Elchisi Valid Fuk janoblari ishtirok etdi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda International Beauty Industry Trade Association (IBITA) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishi muhim voqeliklardan biri bo‘ldi. Ushbu kelishuv kosmetika va kosmetsevtika yo‘nalishlarida keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bo‘lib, zamonaviy teri parvarishi, dermatologik va sog‘lomlashtiruvchi mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqish va ilgari surishni o‘z ichiga oladi.
Memorandum doirasida xorijiy kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb etish, ularni “Tashkent Pharma Park” (“Bio Pharma City”) innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida lokalizatsiya qilish, ilmiy-tadqiqot markazlari, ishlab chiqarish quvvatlari va innovatsion klasterlarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, qo‘shma korxonalar tashkil etish, kontrakt asosida ishlab chiqarish va litsenziyalash mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan yana biri — dorivor o‘simliklar, tabiiy va an’anaviy kosmetika hamda dori vositalarini ishlab chiqish va tijoratlashtirish hisoblanadi. Shu bilan birga, GMP standartlari, sertifikatlash jarayonlari va mahsulot xavfsizligi bo‘yicha axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
Tomonlar mutaxassislar uchun treninglar, seminarlar va o‘quv tashriflarini tashkil etish, klinik sinovlar, dermatologik testlar va mahsulotlarni validatsiya qilish sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi. Biotexnologiya, dermatologiya, tabiiy ingrediyentlar va ilg‘or formulyatsiyalar bo‘yicha qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlari ham yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.
Shu bilan bir qatorda, tashrif doirasida Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasida 2025-yilda erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi sifatida “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri hamda Fransiyaning COSMETIC VALLEY klasteri muvofiqlashtiruvchi hisoblangan ACTT4Cosmetics Yevropa konsorsiumi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat qo‘shma ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, texnologiyalar va tajriba almashish, startaplar va qo‘shma korxonalarni qo‘llab-quvvatlash hamda mahalliy kompaniyalarni xalqaro bozorlarga chiqishini rag‘batlantirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, xalqaro ko‘rgazmalar, forumlar va B2B uchrashuvlarda ishtirok etishni qo‘llab-quvvatlash, ekologik barqaror ishlab chiqarish, “yashil” texnologiyalar va ekologik toza qadoqlashni rivojlantirishga alohida e’tibor berilgan.
Ushbu kelishuvlar O‘zbekistonning farmatsevtika, kosmetologiya va biotexnologiya sohalarida mintaqaviy innovatsion markaz sifatidagi o‘rnini mustahkamlab, milliy sanoatni global qiymat zanjirlariga integratsiya qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun: COSMETIC VALLEY — parfyumeriya va kosmetika sanoatida dunyodagi yetakchi klasterlardan biri bo‘lib, 6300 dan ortiq korxonani birlashtiradi va 226 mingga yaqin ish o‘rnini qamrab oladi. IBITA esa 2012-yilda tashkil etilgan Koreya go‘zallik sanoatini jahon bozorida ilgari surishga ixtisoslashgan notijorat tashkilot bo‘lib, 289 dan ortiq a’zo kompaniyalarni birlashtirgan hamda 45 dan ziyod mamlakatlarda hamkorlik tarmog‘iga ega nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA