Tibbiyot xodimlari yuksak mukofotga loyiq ko‘rildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-oktabrdagi “Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra bir guruh tibbiyot xodimlari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan edi. Mukofotlanganlar orasida navoiylik ikki nafar tibbiyot xodimi ham bor.
Navoiy viloyati hokimligida ushbu mukofotlarni o‘z egalariga tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bir guruh tibbiyot xodimlari, faollar ishtirok etgan uchrashuvda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Rustam Sulaymonov tizimdagi islohotlar, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, uni jahon talablari darajasiga ko‘tarish va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga ko‘ra, Zarafshon shahar ko‘p tarmoqli markaziy shifoxonasi yuqumli kasalliklar bo‘limi shifokori Galiya Toyimbetova “Do‘stlik” ordeni va Xatirchi tumanidagi 28-oilaviy poliklinika oilaviy shifokori Zafar To‘rayev “Sog‘lom turmush” medali bilan taqdirlandi.

Uchrashuvda davlat mukofotlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri