Tibbiyot xabarlari
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov sohaga ilg‘or xalqaro yondashuvlarni tatbiq etish maqsadida tibbiyot texnologiyalarini baholash (HTA) bo‘yicha mutaxassis Gavin Sarjey bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda respublikamizda mazkur zamonaviy tizimni yo‘lga qo‘yish, uning zarur tashkiliy tuzilmasini muvaffaqiyatli shakllantirish hamda xorijiy tajribani chuqur o‘rganish masalalari markaziy o‘rin egalladi.
Muloqot davomida dori vositalarining klinik samaradorligi va iqtisodiy jihatdan maqbulligini xolis baholash, sog‘liqni saqlash tizimi mavjud resurslaridan oqilona foydalanish hamda dori-darmon xarajatlarini qoplash bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonlarini to‘liq shaffof va ilmiy jihatdan puxta asoslangan holda tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, tomonlar HTA tizimini bosqichma-bosqich rivojlantirish, soha mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirish, tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni mustahkamlash hamda yurtimizning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda eng samarali mexanizmlarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan keng ko‘lamli fikr almashib, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini kelishib oldi.
***

Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi huzuridagi «Zarur amaliyotlar markazi» davlat muassasasi vakillaridan iborat delegatsiya axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari bilan birgalikda Turkiyaning Dori vositalari va tibbiy buyumlar agentligi (TİTCK) faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur tashrif doirasida turkiyalik hamkorlarning GMP platformasini yuritish mexanizmlari, unda amaliy qo‘llaniladigan zamonaviy raqamli yechimlar hamda dasturiy mahsulotlar chuqur o‘rganildi. Shu bilan birga, TİTCK tomonidan biologik faol qo‘shimchalar, kosmetika mahsulotlari muomalasi hamda klinik sinovlarni tartibga solish jarayonlarida foydalaniladigan maxsus IT-tizimlarning ishlash tamoyillari mutaxassislar tomonidan atroflicha ko‘rib chiqildi.
***

Shuningdek, Agentlik direktori Abdulla Azizov Gruziyaning yetakchi tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tuzilmalaridan biri sanalgan «Georgia Healthcare Group» (GHG) vakillari bilan muzokara o‘tkazdi. Onlayn shaklda tashkil etilgan mazkur muloqotda xorijiy tomondan kompaniya bosh direktori Irakliy Gogiya, tashkilot vakili Timoti Elsigud hamda shifoxonalarni rivojlantirish va loyihalarni boshqarish departamenti direktori Nino Sagareishvili ishtirok etdi.
Uchrashuv jarayonida tibbiyot muassasalari faoliyatini takomillashtirish, sohada zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish hamda shifoxonalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Xususan, gruziyalik hamkorlar o‘z mamlakatlarida klinikalar tarmog‘ini kengaytirish va ularni samarali boshqarish borasida to‘plagan amaliy ko‘nikmalari va muvaffaqiyatli tajribalari xususida batafsil so‘z yuritdi.
Tomonlar muhokama qilingan muhim jihatlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, kelgusidagi sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlashtirish hamda ikki tomonlama aloqalarni izchil davom ettirish bo‘yicha tegishli kelishuvga erishdi.
***

Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda AQSHning jahonga mashhur Yel universiteti (Yale University) o‘rtasida yangi formatdagi muloqot bo‘lib o‘tdi. Farmatsevtika texnik universiteti ishtirokida tashkil etilgan mazkur onlayn uchrashuvda tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishlarida akademik sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari keng muhokama qilindi.
Muzokaralar chog‘ida soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, mutaxassislarning bilim va malakasini oshirish, shuningdek, shifokorlar hamda ilmiy tadqiqotchilar uchun intensiv treninglar, zamonaviy rezidentura va stajirovka loyihalarini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, Farmatsevtika texnik universitetining talabalari va professor-o‘qituvchilar jamoasi uchun Yel universitetining ilg‘or laboratoriyalarida amaliy tajriba orttirish, nufuzli yozgi ta’lim dasturlarida faol qatnashish imkoniyatlari xususida batafsil so‘z yuritildi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA