O‘zbek tilining nufuzi uni qanday qo‘llashimizga bog‘liq
Ko‘chada, ishda, internetda — har kuni o‘zbek tilida gaplashamiz. Ammo so‘zlarni qanchalik to‘g‘ri tanlayapmiz? Ba’zan bir gapning ichida o‘zbekcha, ruscha va inglizcha so‘zlarni qo‘shib yuboramiz. Bu odatiy holmi?
Bu haqda O‘zFA ilmiy xodimi Mirzohid Tursunov bilan suhbatlashdik.
— Bugun O‘zbekistonda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish borasida ko‘p ishlar qilinmoqda. Sizningcha, bugungi kunda o‘zbek tilini rivojlantirish va uning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash uchun eng avvalo nimalarga e’tibor qaratish kerak?
— O‘zbek tilini rivojlantirish va uning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash uchun, avvalo, uni zamonaviy hayotning barcha sohalarida to‘laqonli ishlaydigan, raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan va ilmiy-amaliy jihatdan kuchli tilga aylantirishga e’tibor qaratish kerak.
Ayniqsa, bugungi kunda raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgani, sun’iy idrok va axborot texnologiyalari inson hayotining deyarli barcha sohalariga kirib borayotganini hisobga olsak, o‘zbek tilining raqamli makondagi imkoniyatlarini kengaytirish dolzarb vazifaga aylanmoqda.
O‘zbek tilining sun’iy idrok tizimlari, qidiruv platformalari, elektron lug‘atlar, tarjima va boshqa raqamli resurslarda to‘laqonli ishlashini ta’minlash tilning kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega. Bu uchun, bir tomondan, ta’lim tizimida o‘zbek tilini faqat qoida va nazariya asosida emas, balki zamonaviy muloqot, kasbiy faoliyat va raqamli muhit bilan uzviy bog‘liq holda o‘qitish, ikkinchi tomondan, ilm-fan va texnologiya sohalari uchun o‘zbekcha atamalarni tizimli ravishda shakllantirish, sifatli lug‘atlar, elektron korpuslar va boshqa til resurslarini ko‘paytirish zarur. Qolaversa, o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqishi ortib borayotgan xorijliklar uchun ham zamonaviy va sifatli o‘quv platformalarini yaratish, mavjud elektron resurslarni takomillashtirish muhim. Bunday platformalarda o‘zbek tilining grammatikasi, lug‘at boyligi, talaffuzi va nutq madaniyati bilan bir qatorda, kundalik muloqot, kasbiy va madaniy muhitda qo‘llanadigan amaliy materiallar ham qamrab olinishi kerak. Bu nafaqat o‘zbek tilini xorijda ommalashtirish, balki mamlakatimizning madaniy va ilmiy salohiyatini dunyoga kengroq tanitishga ham xizmat qiladi.
Shuningdek, davlat idoralari, ommaviy axborot vositalari, ta’lim muassasalari, ijtimoiy tarmoqlar va jamoat joylarida adabiy til me’yorlariga rioya etishni kuchaytirish, o‘zbek tilida sifatli, mazmunli va jozibador kontent yaratayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash lozim. Zero, tilning jamiyatdagi nufuzi uning faqat rasmiy hujjatlarda qo‘llanishi bilan emas, balki ilm-fan, ta’lim, biznes, texnologiya, ommaviy axborot vositalari va raqamli muhitda qanchalik faol ishlashi bilan ham belgilanadi.
Eng muhimi, o‘zbek tilini rivojlantirishni faqat nazorat va talab asosida emas, balki uni inson uchun qulay, zamonaviy, nufuzli va imkoniyatlari keng til sifatida namoyon etish orqali amalga oshirish kerak. Ana shunda o‘zbek tili nafaqat bugungi avlodning ehtiyojlariga javob beradigan, balki kelajak texnologiyalari va global muloqot maydonida ham munosib o‘rin egallaydigan tilga aylanadi.

— Bugun ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek tilida yozish va so‘zlashish kengayib bormoqda, ammo ko‘pincha so‘zlarni noto‘g‘ri yozish, xorijiy so‘zlarni ortiqcha ishlatish va til qoidalariga e’tiborsizlikni ham ko‘ramiz. Sizningcha, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek tili madaniyatini qanday qilib yuksaltirish mumkin?
— Bugungi kunda o‘zbek tilining boyligi, nafosati va ifoda imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish, uning jamiyatdagi nufuzini yanada oshirish muhim vazifalardan biridir. Afsuski, aksariyat hollarda insonlar o‘zbek tilining boy tarovati va beqiyos ifoda imkoniyatlarini to‘liq his qilmay qo‘ymoqda. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalarida, xususan, televideniye va radio efirlarida faoliyat yuritayotgan ayrim suxandon va teleboshlovchilarning o‘zbek tili talaffuz me’yorlariga yetarlicha rioya qilmayotgani, ba’zan esa adabiy til o‘rniga shevaga xos so‘zlardan o‘rinsiz foydalanayotgani kuzatiladi. Vaholanki, ommaviy axborot vositalari nafaqat axborot yetkazuvchi, balki jamiyatning nutqiy madaniyatini shakllantiruvchi muhim vosita hisoblanadi.
Televideniye yoki ijtimoiy tarmoqlarda ommalashgan har bir noto‘g‘ri talaffuz, imloviy xato yoki o‘rinsiz so‘z qo‘llanishi ko‘plab insonlar nutqiga, til immunitetiga ta’sir qilishi mumkin.
Til madaniyatini yuksaltirishni, avvalo, ommaviy axborot vositalaridagi til muhitini yaxshilashdan boshlash kerak. Chunki televideniye, radio, internet nashrlari va boshqa media platformalarda adabiy til me’yorlariga qat’iy amal qilinsa, bu holat jamiyatdagi umumiy nutq madaniyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Suxandon, teleboshlovchi, jurnalist va blogerlar o‘z nutqi bilan jamoatchilikka namuna bo‘lishi, efirga uzatiladigan har bir matn imlo, talaffuz va uslub nuqtai nazaridan puxta tahrirdan o‘tkazilishi zarur.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Savodli post”, “Eng yaxshi o‘zbekcha kontent”, “Til posboni” kabi tanlovlarni muntazam tashkil etish, o‘zbek tilida sifatli kontent yaratayotgan blogerlar, jurnalistlar va ijodkorlarni rag‘batlantirish, ommabop sahifalarda qisqa til saboqlari, viktorinalar va interaktiv materiallarni ko‘paytirish lozim. Negaki bugungi yosh avlodga til madaniyatini faqat nasihat yoki tanqid orqali emas, balki zamonaviy, qiziqarli va ta’sirchan kontent orqali singdirish samaraliroq.
Xullas, o‘zbek tilining ravnaqi va sofligi uchun faqat tilshunos olimlar yoki filologlar mas’ul, degan qarashdan voz kechish kerak. O‘zbek tili – butun xalqning tili, demak, uning taqdiri va kelajagi uchun har bir til egasi mas’ul. Ota-ona farzandi bilan to‘g‘ri muloqot qilishi, o‘qituvchi savodli nutqi bilan o‘rnak bo‘lishi, jurnalist va teleboshlovchi adabiy til me’yorlariga amal qilishi, bloger esa minglab obunachilari oldida nutqiy mas’uliyatini his qilishi kerak.
Tadbirkorlar reklama va peshlavhalarda til me’yorlariga rioya etishi, davlat tashkilotlari esa rasmiy axborotlarda davlat tilining mavqei va nufuzini ta’minlashi lozim.
— Ko‘chalardagi peshlavhalar, do‘konlar nomlari, reklama va turli e’lonlarda o‘zbek tilidagi imloviy xatolarga duch kelamiz. Bu borada davlat tashkilotlari, tadbirkorlar va jamoatchilik qanday mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak?
— Til ma’naviyatini shakllantirish faqat oila va maktab bilan cheklanmaydi. Insonning kundalik hayotida duch keladigan axborot muhiti, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va jamoat joylaridagi til namunalari ham uning nutqiy madaniyatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli ko‘chalardagi peshlavhalar, do‘kon nomlari, tashqi reklama va turli e’lonlarda o‘zbek tilining imlo, uslub va so‘z qo‘llash me’yorlariga rioya etilishi alohida ahamiyatga ega. Zero, jamoat makonidagi yozuvlar nafaqat axborot yetkazadi, balki aholining tilga munosabatini ham o‘zida aks ettiradi. Agar odamlar har kuni imloviy xatolarga yo‘l qo‘yilgan peshlavha va reklamalarni ko‘raversa, bu holat noto‘g‘ri yozuvlarning odatiy hodisa sifatida qabul qilinishiga olib kelishi mumkin. Aksincha, savodli va adabiy til me’yorlariga muvofiq yozuvlar jamiyatda til madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu borada davlat tashkilotlari, tadbirkorlar va jamoatchilikning mas’uliyatini aniq belgilash hamda ularning hamkorligini kuchaytirish zarur.
Davlat tashkilotlari davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash, tashqi reklama va axborot matnlaridagi xatolarni aniqlash, shuningdek, tadbirkorlarga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatishga e’tibor qaratishi kerak. Tadbirkorlar esa peshlavha, reklama va e’lonlarni tayyorlashda matnning imloviy hamda uslubiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lishiga mas’uliyat bilan yondashishi, zarur hollarda til mutaxassislari xizmatidan foydalanishi lozim. Jamoatchilik esa aniqlangan xatolar haqida tegishli tashkilotlarga xabar berish, to‘g‘ri yozuv namunalarini targ‘ib qilish va savodli axborot muhitini qo‘llab-quvvatlash orqali bu jarayonda faol ishtirok etishi mumkin. Mazkur vazifalarni samarali amalga oshirish uchun zamonaviy raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan ham foydalanish zarur.
Xususan, tashqi reklama, peshlavha va e’lon matnlarini joylashtirishdan oldin elektron tarzda tekshirish imkonini beruvchi tizimni ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Bunday tizimda o‘zbek tilining imlo qoidalari va lug‘at ma’lumotlariga asoslangan avtomatik tekshiruv vositalari qo‘llanishi, aniqlangan xatolar bo‘yicha to‘g‘ri variantlar taklif qilinishi mumkin. Ta’kidlash joizki, avtomatik tekshiruv til mutaxassisining tahlilini to‘liq almashtirmaydi: ayniqsa, uslubiy, ma’noviy va kontekstual xatolarni baholashda inson omili muhimligicha qoladi. Shu sababli raqamli tekshiruvni mutaxassislar nazorati va tushuntirish ishlari bilan uyg‘unlashtirish eng maqbul yo‘ldir. O‘rni kelganda ta’kidlash joizki, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan telegram ijtimoiy tarmog‘ida imloviy xatolar bilan yozilgan reklama matnlari va peshlavhalar suratlarini yuborish imkonini beruvchi maxsus bot ishga tushirilgan. Mazkur tashabbus jamoat joylarida uchraydigan imloviy xatolarni aniqlash, ularni bartaraf etishga ko‘maklashish hamda bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan.
Xulosa qilib aytganda, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeini mustahkamlash faqat qonunchilik talablarini belgilash yoki xatolarni nazorat qilish bilan cheklanmasligi kerak. Buning uchun oilada til tarbiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, maktabda ona tili ta’limi sifatini oshirish, ommaviy axborot vositalari va jamoat makonida adabiy til me’yorlariga amal qilish, tadbirkorlar va fuqarolarning til oldidagi mas’uliyatini kuchaytirish zarur. Eng muhimi, davlat tiliga hurmatni tashqi talab emas, ichki ehtiyoj va ma’naviy qadriyatga aylantirishimiz lozim. Chunki tilning haqiqiy nufuzi uning qonunlarda belgilangan maqomi bilangina emas, balki har bir fuqaroning kundalik hayotda undan qay darajada ongli, savodli va mas’uliyat bilan foydalanishi bilan ham belgilanadi.
— Bugun yoshlar nutqida xorijiy so‘zlar, ayniqsa, inglizcha va ruscha so‘zlarni aralashtirib gapirish odatiy holga aylanib bormoqda. Buni tilning tabiiy rivojlanishi deb qabul qilish kerakmi yoki o‘zbek tilining sofligini asrash uchun bunga jiddiyroq e’tibor qaratish lozimmi?
— Bugun dunyoning aksariyat davlatlarida til bilan bog‘liq masalalar tobora dolzarblashib bormoqda. Globallashuv va raqamli texnologiyalarning keng tarqalishi natijasida yirik davlatlarning nufuzli tillari boshqa xalqlar tillariga ham kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday ta’sir, ayniqsa, milliy tillarning lug‘at tarkibida xorijiy so‘zlarning ko‘payishida yaqqol namoyon bo‘ladi. Albatta, har qanday tirik til boshqa tillar bilan aloqada bo‘ladi, yangi tushuncha va hodisalarni ifodalash uchun boshqa tillardan so‘z o‘zlashtiradi. Bu – til taraqqiyotining tabiiy va ob’ektiv jarayoni, biroq yangi paydo bo‘lgan har bir tushuncha uchun tayyor xorijiy so‘zni o‘zlashtirish doimiy tendensiyaga aylanmasligi kerak. Aks holda, tilning o‘z ichki imkoniyatlaridan foydalanish, yangi so‘z va atamalarni milliy tilning qonuniyatlari asosida yaratish mexanizmi sekin-asta zaiflashishi mumkin.
Bugun hatto markaziy nashrlarimiz, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda “heshteg”, “kreativ”, “chellenj”, “post”, “feyk”, “layk”, “trening”, “kontent” kabi o‘zlashmalarning keng qo‘llanayotganini ko‘ramiz. Ularning ayrimlari yangi tushunchalarni ifodalash zarurati bilan bog‘liq bo‘lsa, ayrim hollarda o‘zbek tilida ularning aniq va tushunarli muqobili mavjud bo‘la turib, xorijiy shaklga murojaat qilinayotganini kuzatish mumkin. Bu yerdagi asosiy masala xorijiy so‘zlarni butunlay rad etish yoki tilni tashqi ta’sirlardan sun’iy ravishda himoya qilishda emas. Asosiy vazifa qaysi so‘zni, qachon va nima sababdan o‘zlashtirish kerakligini anglash, eng muhimi, o‘zbek tilining ichki imkoniyatlaridan samarali foydalanishdir.
Menimcha, yoshlar nutqida inglizcha yoki ruscha so‘zlarning uchrashiga faqat salbiy hodisa sifatida qarash ham to‘g‘ri emas. Yoshlar zamonaviy axborot texnologiyalari, internet, ta’lim va xalqaro muloqot muhitida faol ishtirok etayotgani sababli ularning nutqida xorijiy til elementlarining paydo bo‘lishi tabiiy. Biroq, bu jarayon me’yorsiz va o‘rinsiz aralashuvga aylanib ketmasligi lozim. Ayniqsa, o‘zbek tilida aniq, mazmunan to‘la va omma uchun tushunarli muqobili mavjud bo‘lgan holatda xorijiy so‘zni shunchaki “zamonaviylik belgisi” sifatida qo‘llash til madaniyati nuqtai nazaridan maqbul emas. Tilning sofligini asrash deganda xorijiy so‘zlarni mutlaqo taqiqlashni emas, balki milliy-lisoniy immunitetni shakllantirishni tushunish kerak.
Bu immunitet til egasida har bir xorijiy so‘zni avtomatik ravishda qabul qilish emas, balki uning zaruratini, ma’nosi va o‘zbek tilidagi muqobilini baholay olish qobiliyatini shakllantiradi. Buning uchun zamonaviy tushunchalarga o‘zbek tilining ichki imkoniyatlari asosida munosib atamalar yaratish, ularni lug‘atlar, ta’lim tizimi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng ommalashtirish zarur. Shunda til tashqi ta’sirlarni inkor etmagan holda, ularni o‘z qonuniyatlari asosida qabul qiladi va o‘zining ichki taraqqiyot mexanizmlarini saqlab qoladi. Tilni chet so‘zlar ta’siridan tilshunos emas, avvalo, undan ongli va mas’uliyatli foydalanadigan jamiyat asraydi.
Shu ma’noda, til ma’naviyati insonda o‘z tiliga hurmat, uning imkoniyatlariga ishonch va har bir so‘zni o‘rinli qo‘llash mas’uliyatini shakllantiradi. Demak, o‘zbek tilining sofligini asrash uni boshqa tillardan ajratib qo‘yish emas, balki o‘zbek tilining boy ichki imkoniyatlarini ishga solgan holda, uni zamonaviy dunyoda raqobatbardosh va to‘laqonli muloqot vositasi sifatida rivojlantirishdir.
O‘zA muxbiri
Nigora Rahmonova suhbatlashdi.