Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi
– Aholi salomatligi bilan bog‘liq sohada aniq tartib, qat’iy nazorat bo‘lishi, bu faoliyat bilan faqat professionallar shug‘ullanishi kerak, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimiga uzoq tayyorgarlik ko‘rildi, ilg‘or tajribalar o‘rganildi. Tizim kelasi yil 1-iyuldan yo‘lga qo‘yiladi.
Dastlabki bosqichda davlat ro‘yxatidan o‘tish ixtiyoriy bo‘ladi. 2030-yildan esa bu tartib majburiy tus oladi.
Ro‘yxatdan o‘tgan shifokor va farmatsevtlarning ish haqiga 7 million so‘mdan, hamshiralarga 3,5 million so‘mdan ustama to‘lanadi.
Mutasaddilarga sohada ta’lim sifati, kadrlar tayyorlash va malaka oshirish tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlash topshirildi.
O‘zA