Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malaka toifasi bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kutilmoqda
Aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmiga kiradigan xizmatlarni ko‘rsatish, shuningdek, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy faoliyatini amalga oshirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida qizg‘in muhokama qilindi.
Loyihaga ko‘ra, qonunchilikda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tomonidan qo‘shimcha xizmat hisoblanadigan tibbiy yordam turlari pulli asosda ko‘rsatilishi, shuningdek, aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash maqsadida tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini malaka toifasi bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni nazarda tutuvchi tartib belgilanmoqda.

Fraksiya a’zosi Qizilgul Qosimova mazkur qonun loyihasi tibbiyot yo‘nalishida oliy ta’lim olayotgan 4-5 kurs talabalarining bir vaqtning o‘zida hamshira va yordamchi tibbiyot xodimi kabi ma’lum vazifalarda ishlashi taqiqlanayotganiga e’tiroz bildirdi.
Unga ko‘ra, yuqori kurs talabalarining o‘qish davrida ma’lum vazifalarda ishlab tajriba orttirayotgani ularning ertangi faoliyatiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qolaversa, partiya elektorati hisoblangan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari shu yo‘l bilan pul topib, o‘zini-o‘zi moddiy ta’minlashi, oilasiga yordam berishi mumkinligini ta’kidladi.
Mas’ullar loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida bu masalani yana muhokama qilib ko‘rishini bildirdi.
M.Komilova,
O‘zA