She’riyatga aylangan Ona siymosi
Sirdaryo viloyati axborot-kutubxona markazida tashkil etilgan “She’riyatga aylangan Ona siymosi” mavzusidagi madaniy-ma’rifiy tadbir O‘zbekiston xalq shoiri Halima u Xudoyberdiyeva xotirasini yod etish, uning ma’naviy merosini keng targ‘ib qilish va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratildi.
Tadbir “Kitobxon onalar kuni” doirasida o‘tkazilgani unga yanada teran ma’no bag‘ishladi. Zero, kitobga mehr ham, ma’naviyatga intilish ham, avvalo, ona bag‘ridan boshlanadi. Bolaning qo‘liga ilk kitob tutqazadigan, uni ezgulikka, fikrlashga va ma’rifatga chorlaydigan inson ham onadir. Shu ma’noda, Halima Xudoyberdiyeva ijodi ona va ma’naviyat tushunchalarini bir-biridan ajralmas qadriyat sifatida talqin etadi.

Tadbirda respublikadagi barcha axborot-kutubxona markazlari Zoom platformasi orqali onlayn ishtirok etdi. Bu esa shoira ijodiga bo‘lgan qiziqish va ehtirom nafaqat Sirdaryoda, balki butun mamlakat miqyosida yuksak ekanini yana bir bor namoyon qildi.

Ma’lumki, Halima Xudoyberdiyeva Boyovut tumanida oddiy dehqon oilasida dunyoga kelgan. Uning yuragidagi she’riyatga muhabbat, millat va inson taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi uni xalqning sevimli shoirasi darajasiga olib chiqdi. Shoira millat dardi, ayol qalbining kechinmalari, inson ma’naviyatining og‘riqli nuqtalarini so‘z orqali jamiyatga yetkaza oldi.

Shoira Hamza nomidagi Respublika Davlat mukofoti va “O‘zbekiston xalq shoiri” kabi yuksak unvonlarga sazovor bo‘lgan. Agar u bugun hayot bo‘lganida, 79 yoshni qarshi olgan bo‘lar edi. Ammo haqiqiy ijodkorlar umri yillar bilan emas, xalq qalbida qoldirgan ma’naviy izi bilan o‘lchanadi. Halima Xudoyberdiyeva ham ana shunday mangu yashaydigan ijodkorlar sirasiga kiradi.

Tadbirni Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi vakili Shoira Shukurova ochib berdi. U o‘z nutqida kitobxonlik muhitini shakllantirishda, ayniqsa, oilalarda ma’naviy tarbiyani kuchaytirishda onalarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.

Darhaqiqat, bugun inson tafakkuri turli axborotlar ta’sirida qolgan bir davrda kitob qalbni asraydigan, insonni ma’nan boyitadigan eng ishonchli manba bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, she’riyat inson ruhiyatini tarbiyalaydi, uni ezgulikka yetaklaydi. Shu ma’noda, Halima Xudoyberdiyeva she’rlari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas.
Tadbirda qatnashgan shoiraning singlisi, pedagog-olima Rahima Xudoyberdiyevaning samimiy xotiralari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. U Halima Xudoyberdiyevaning nafaqat iste’dodli shoira, balki jasoratli publitsist bo‘lganini ham alohida ta’kidlashdi. Ayniqsa, uning “Yuragimning og‘riq nuqtalari” to‘plamiga kirgan maqolalarida millat ma’naviyati, inson qalbi, ijtimoiy muammolar va zamon dardlari haqida kuyunchaklik bilan fikr yuritilgani bugun ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Halima Xudoyberdiyeva ijodi 60-yillardan boshlangan bo‘lib, u o‘zbek adabiyoti xazinasini o‘nlab she’riy va nasriy asarlar bilan boyitdi. “Ilk muhabbat”, “Oq olmalar”, “Chaman”, “Suyanch tog‘larim”, “Issiq qor”, “Sadoqat”, “Muqaddas ayol”, “Hurlik o‘ti”, “To‘marisning aytgani” kabi asarlari nafaqat badiiy yuksakligi, balki hayotiy haqiqatni teran aks ettirishi bilan ham qadrlidir.
Shoira hayoti va ijodini abadiylashtirish maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi tashkil etildi. Ona tili va adabiyot fanlarini chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan mazkur ta’lim dargohi bugun ma’naviyat va ijod maskaniga aylangan.
Maktabning me’moriy qiyofasi laylak shaklini eslatuvchi tarzda barpo etilgani ham ramziy ma’no kasb etadi. Zero, laylak — ezgulik, sog‘inch va poklik timsoli. Bu yerda tashkil etilgan muzey, adabiy kechalar va ijodiy uchrashuvlar yoshlarni milliy adabiyotga yanada yaqinlashtirmoqda. Ana shunday muhitda tarbiyalanayotgan yoshlar orasidan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Zulayho Mingboyeva kabi iqtidorli o‘quvchilar yetishib chiqmoqda.
Tadbir davomida ijod maktabi o‘quvchilari tomonidan shoira she’rlarining yurakdan o‘qilishi, kuy-qo‘shiqlar va madaniy chiqishlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.. Ayniqsa, ona haqidagi she’rlarning ifodali ijrosi ishtirokchilar qalbida hayajonli tuyg‘ular uyg‘otdi.
Sirdaryo viloyati Madaniyat boshqarmasi xonandasi Husan Kuchmurodov ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar kechaga bayramona ruh bag‘ishladi. Sirdaryo viloyati Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibasi Dilorom Ismadiyorova esa kitobxonlikni targ‘ib qilish, ayniqsa, yosh onalar o‘rtasida mutolaa madaniyatini shakllantirish bugungi kundagi muhim ma’naviy vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, Shirin shahri va Sardoba tumanidagi axborot-kutubxona markazlari xodimlari ham shoira ijodidan namunalar keltirishib, tadbirning mazmunan boy va ta’sirchan o‘tishiga munosib hissa qo‘shdilar.
Tadbir yakunida faol ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri