Tibbiyot: O‘zbekiston tajribasi "Global Expo-2027" ko‘rgazmasida namoyish etiladi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 150 dan ortiq ariza orasidan sakkizta xalqaro keysdan biri sifatida tanlab olingan
O‘zbekistonning birlamchi tibbiy-sanitariya yordami jamoalarini takomillashtirish bo‘yicha tajribasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida tibbiyot sohasidagi inson resurslarini maqsadli yo‘naltirish tashabbusi doirasida sakkizta xalqaro keysdan biri sifatida e’tirof etildi.
Mazkur loyiha Sog‘liqni saqlash vazirligi va JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida Dublin universitet kolleji hamda JSSTning Yevropa va Markaziy Osiyo byurosi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.
Dublin universitet kolleji tadqiqotchilari va JSST ekspertlari yurtimizda tibbiyot xodimlarining yangi rollari, ko‘p tarmoqli yordam modellari hamda raqamli innovatsiyalar tibbiy kadrlar salohiyatidan yanada samarali foydalanish va xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qilayotganini o‘rgandi. O‘rganish jarayonida Sog‘liqni saqlash vazirligi va JSSTning yurtimizdagi vakolatxonasi xodimlari hamrohlik qildi.
Tadqiqot guruhi a’zolarining ta’kidlashicha, tibbiyot sohasidagi inson resurslarini takomillashtirish fuqarolar uchun zarur tibbiy yordamni ayni vaqtida, malakali mutaxassisdan olish, kasbiy vakolatlarni oqilona taqsimlash va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali amalga oshmoqda.
JSST vakili Katal Morganning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot tomonidan e’lon qilingan mintaqaviy tanlovga 150 dan ortiq ariza kelib tushgan va O‘zbekiston tajribasi chuqur tahlil uchun eng muhim sakkizta keys qatoriga kiritilgan. Dublin universitet kolleji vakili Deyrdre O'Donnell bu tibbiy xizmat ko‘rsatish modellari islohoti kadrlar salohiyatidan foydalanishda amaliy namuna ekanini qayd etdi.
Mutaxassislar ushbu model amalda qanday joriy etilgani, uning keng ko‘lamda qo‘llanilishiga turtki bo‘lgan omillar hamda boshqa mamlakatlar uchun qanday ijobiy tajriba bo‘lishi mumkinligini o‘rganish maqsadida Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida bo‘ldi. Mehmonlar bemorlar oqimi, ko‘p tarmoqli jamoalar faoliyati va birlamchi bo‘g‘in xodimlarining ish jarayonini yaqindan kuzatdi.
O‘zbekiston tajribasi JSSTning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha tibbiyot sohasidagi inson resurslarini takomillashtirishga bag‘ishlangan mintaqaviy hisobotiga kiritiladi. Bu boshqa davlatlarga ham qanday yondashuvlar samarali natija berishini tushunishga ko‘mak beradi.
Mazkur muhim tajriba Irlandiyaning Dublin shahrida bo‘lib o‘tadigan “Global Expo-2027” ko‘rgazmasida keng jamoatchilikka namoyish etiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA