“Aquatherm Tashkent 2026”: muhandislik tizimlari bo‘yicha yangi yechimlar namoyish etilmoqda
Qurilish va infratuzilmada zamonaviy yechimlarga ehtiyoj ortmoqda. Toshkentda ochilgan xalqaro ko‘rgazma energiya tejamkor muhandislik tizimlarining so‘nggi yutuqlarini namoyish etib, soha kelajagiga yo‘l ochadi.
Qurilish va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish jarayonida isitish, ventilyatsiya, konditsionerlash, suv ta’minoti va boshqa muhandislik tizimlariga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Ayniqsa, energiya tejamkor va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bugungi kunda sohaning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu esa zamonaviy uskunalar va ilg‘or muhandislik yechimlarini namoyish etish, soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish uchun samarali muloqot maydonlariga ehtiyojni oshirmoqda.
Ana shunday maydonlardan biri sifatida bugun poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “Isitish, ventilyatsiya, havoni isitish va sovutish, suv ta’minoti, santexnika, basseynlar, atrof-muhitni muhofaza qilish texnologiyalari, muqobil energiya manbalari – Aquatherm®Tashkent-2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group” tomonidan tashkil etilgan tadbirda 11 ta davlatdan 200 dan ortiq kompaniya va brend o‘z salohiyatini taqdim qilmoqda.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktor o‘rinbosari Oyimxon Bobojonovaning qayd etishicha, O‘zbekiston qurilish ishlarini jadallashtirmoqda va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilmoqda.
– 2026-yilning yanvaridan avgustgacha qurilish ishlari hajmi 259,4 trillion so‘mga yetdi (o‘tgan yilga nisbatan 11,8 foizga o‘sgan), suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasiga investitsiyalar so‘nggi yillarda o‘n baravar ko‘payib, 2,7 milliard dollarga yetdi. 2030-yilga kelib markazlashgan suv ta’minoti qamrovini 90 foizga yetkazish uchun yana 1,3 milliard dollar jalb qilish rejalashtirilgan. Yangi va modernizatsiya qilingan binolar va tarmoqlar isitish, ventilyatsiya, havoni konditsionerlash, suv ta’minoti va boshqa muhandislik uskunalariga doimiy talabni shakllantiradi. Aynan shunday imkoniyat “Aquatherm Tashkent” ko‘rgazmasida yaratilgan. Ko‘rgazma dunyoning turli mamlakatlaridan ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilarni bir maydonga birlashtirib, O‘zbekistonda iqlim uskunalari va muhandislik tizimlari sohasidagi zamonaviy yechimlarni namoyish etish uchun muhim platforma vazifasini bajarmoqda, – dedi O. Bobojonova.
“Aquatherm Tashkent 2026” ko‘rgazmasida mutaxassislar yangi uskunalar, texnologiyalar va yetkazib beruvchilar bilan tanishish, shuningdek, test-drayv va mahorat darslarida ishtirok etish imkoniga ega.
Ekspozitsiyada isitish, ventilyatsiya, konditsionerlash, suv ta’minoti va kanalizatsiya, santexnika, avtomatlashtirish hamda boshqa muhandislik tizimlari namoyish etilmoqda.
[gallery-31804]
E’tiborlisi, ko‘rgazmada Germaniyaning “Robert Bosch”, Xitoyning “CNP”, “Akan Enterprise Group”, “Sprsun” va “Outes”, Qozog‘istonning “Alto Therm”, O‘zbekistonning “Aventos” kabi kompaniyalari tomonidan isitish tizimlari, nasoslar, issiqlik nasoslari, radiatorlar, ventilyatsiya va iqlim uskunalarini taqdim etilyapti.
“BAM”, “Teplovita” va “MAP” brendlarining O‘zbekistondagi ofisi vakili Shohruh Hotamovning ta’kidlashicha, 2019-2022-yillardan boshlab issiqlik nasoslari mamlakatimizda keng joriy etilmoqda. Hozirga qadar O‘zbekiston bo‘yicha 450 taga yaqin ob’ektga ushbu uskunalar o‘rnatilgan.
– Issiqlik nasosining asosiy xususiyati shuki, bir qurilmaning o‘zi isitish, issiq suv ta’minoti va konditsionerlash vazifalarini bajara olishidir. U elektr yoki ko‘mir qozonlarining o‘rnini bosishi mumkin. Qurilmalar O‘zbekiston sharoitiga moslashtirilgan bo‘lib, tog‘li hududlarda, hatto tashqi harorat minus 35 darajagacha tushgan sharoitda ham ishlay oladi.
Ushbu texnologiyaning yana bir muhim jihati esa energiya sarfini sezilarli darajada kamaytirishidir. Ayrim holatlarda isitish va suvni isitish uchun sarflanadigan elektr energiyasini 10 baravargacha tejash imkonini beradi. Shu bois undan xususiy uylar, ko‘p qavatli binolar, sanoat ob’ektlari va dam olish maskanlarida foydalanish mumkin.
Hozir ofisimizning Andijon, Namangan, Toshkent, Chorvoq, Hojikent, Samarqand va To‘rtko‘l hududlarida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, Chorvoq va Hojikentdagi dala hovli va dam olish maskanlarida talab yuqori bo‘lib, bu hududlarda 60 taga yaqin ob’ektga uskunalar o‘rnatilgan.
Issiqlik nasoslaridan basseynlarni isitishda ham foydalanish mumkin. Masalan, tashqi harorat minus 10-15 daraja bo‘lganida ham basseyn suvini isitish imkoni bor. Dam olish maskanlari uchun, eng muhimi, mijoz kelgan paytda suv va xonalar haroratini barqaror ushlab turish muhim. Biz bu talabni issiqlik nasoslari orqali ta’minlayapmiz, – dedi u.
Ta’kidlash kerakki, uch kun davom etadigan mazkur ko‘rgazmada sohaning mahalliy va xorijiy vakillari o‘rtasida tajriba almashish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va zamonaviy muhandislik texnologiyalarini amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilinadi. Ko‘rgazma doirasida tashrif buyuruvchilar yangi uskunalarni yaqindan ko‘rish, ularning imkoniyatlarini baholash hamda sohadagi dolzarb yechimlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA