“Tibbiyot karvoni” — inson salomatligi yo‘lida ezgu tashabbus
Inson salomatligi jamiyat farovonligi va mamlakat taraqqiyotining eng muhim mezonlaridan biridir.
Aholiga sifatli va o‘z vaqtida tibbiy xizmat ko‘rsatish, kasalliklarni erta aniqlash, fuqarolarning sog‘lig‘ini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ezgu tashabbuslar xalqimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, chekka hududlarda yashovchi aholiga zamonaviy tibbiy xizmatlarni yaqinlashtirish, ularning salomatligini chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish borasidagi amaliy ishlar e’tirofga loyiq.

Ana shunday ezgu maqsadlarni o‘zida mujassam etgan “Tibbiyot karvoni — salomatlik” tadbiri Qoraqalpog‘iston Respublikasining Shumanay tumanida tashkil etildi.
Mazkur xayrli tadbir Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondoni tashabbusi bilan Nukus harbiy gospitali, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Shumanay tumani tibbiyot birlashmasi hamkorligida fuqarolarning salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni barvaqt aniqlash, aholiga malakali tibbiy maslahat va amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek, zamonaviy diagnostika imkoniyatlarini aholi uchun yanada yaqin va qulay qilishdan iborat bo‘ldi.
“Tibbiyot karvoni” doirasida tumanning 1 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan aholisi keng qamrovli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Fuqarolarga tor soha mutaxassislari tomonidan tibbiy maslahatlar berilib, mavjud salomatlik muammolarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha zarur tavsiyalar taqdim etildi.
Tadbirning muhim jihatlaridan biri tuman tibbiyot birlashmasida mavjud bo‘lmagan zamonaviy ko‘chma tibbiy diagnostika uskunalari yordamida aholiga chuqurlashtirilgan tekshiruvlar o‘tkazilganidir. Xususan, fuqarolar rentgen, UTT, EKG laboratoriya hamda boshqa turdagi tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazildi. Bu esa aholining salomatlik holatini har tomonlama baholash, ayrim kasalliklarni dastlabki bosqichidayoq aniqlash va tegishli tibbiy choralarni belgilash uchun muhim imkoniyat yaratdi.
Tadbir davomida aholiga zarur hollarda tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilib, dori-darmon vositalari ham bepul tarqatildi. Bu esa “Tibbiyot karvoni”ning oddiy tibbiy ko‘rikdan iborat emas, balki inson manfaatini, uning hayoti va salomatligini ustuvor qadriyat sifatida e’tirof etgan keng qamrovli ijtimoiy loyihaga aylanganini ko‘rsatdi.
Shifokorlar va tibbiyot xodimlarining fidokorona mehnati, har bir bemorga e’tibor va mas’uliyat bilan yondashuvi tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Zero, oq xalat ortida nafaqat kasbiy mahorat, balki inson hayotiga bo‘lgan yuksak mas’uliyat, mehr va fidoyilik mujassam.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri