Mustaqillik — buyuk qadriyat, xizmat esa yuksak sharaf
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Bayram tadbirida mustaqillik yillarida yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, bojxona tizimida erishilayotgan natijalar alohida e’tirof etildi.
[gallery-31152]
Tadbir davomida xizmat burchini vijdonan ado etib, soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan xodimlarni rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 13 nafar xodim “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni, 49 nafar xodim esa Bojxona qo‘mitasi raisi hamda boshqarma boshlig‘ining Faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanib, bir qator xodimlarga ofitserlar tarkibining maxsus unvonlari topshirildi.
Shuningdek, bojxona tizimida uzoq yillar fidokorona xizmat qilgan faxriylar e’zozlanib, ularning ko‘p yillik mehnati va sohaga qo‘shgan munosib hissasi alohida e’tirof etildi. Tadbir davomida xizmat burchini bajarish chog‘ida vafot etgan xodimlarning oila a’zolariga ham chuqur hurmat va minnatdorlik bildirilib, ularning yaqinlariga ezgu tilaklar izhor etildi.
Bunday e’tirof va e’tibor xodimlarning fidokorona mehnatiga berilgan munosib baho bo‘lib, ularni kelgusida ham Vatan ravnaqi yo‘lida yanada mas’uliyat va sadoqat bilan xizmat qilishga ruhlantiradi.
Mustaqillik biz uchun nafaqat tarixiy sana, balki tinch va farovon kelajak sari dadil qadamimizning mustahkam poydevoridir.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari