Tibbiy xizmatlar nega qimmatlashgan? 127 ming fuqarodan ortiqcha to‘lov olingani aniqlandi
O‘zbekistonda pullik tibbiy xizmatlar narxlari bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar aholi manfaatlarini himoya qilishda muhim qadam bo‘ldi.
Prezident topshirig‘i asosida Raqobat qo‘mitasi tomonidan 8 ta tibbiyot muassasasida 2023–2025-yillar davomida qo‘llanilgan pullik xizmatlar tariflari qonunchilik talablariga qay darajada mos ekani tahlil qilindi.
O‘rganishlar Vazirlar Mahkamasining qarori hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining 150-son buyrug‘i asosida olib borildi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi qator tibbiyot muassasalari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va Taxiatosh tumani tibbiyot birlashmasida xizmat narxlarining shakllanish mexanizmi chuqur tahlil qilindi.

Tekshiruvlar davomida qator qonunbuzilishlar aniqlandi. Xususan, tushumlarning 2 foizini rag‘batlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirish, amortizatsiya xarajatlarini qo‘shish, rentabellikning eng yuqori chegaralarini qo‘llash, xronometraj me’yorlarini tegishli tartibda kelishmasdan tasdiqlash va ayrim soliq xarajatlarini hisob-kitoblarga kiritish orqali xizmat narxlari sun’iy ravishda oshirilgan.
Natijada 127 mingdan ziyod fuqarodan jami 285,4 million so‘m miqdorida ortiqcha to‘lov undirilgani ma’lum bo‘ldi. Bu esa bir qarashda kichik ko‘ringan ortiqcha hisob-kitoblar ommaviy miqyosda katta mablag‘larga aylanishini ko‘rsatadi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan 6 ta tibbiyot muassasasiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Shu bilan birga, qonunbuzilishlarni bartaraf etish, bunday holatlarning takrorlanishini oldini olish va aholidan asossiz undirilgan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Ushbu choralar natijasida pullik tibbiy xizmatlar narxlari o‘rtacha 5–10 foizga arzonlashi aholi uchun tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Nigora Rahmonova, O‘zA