O‘zbekistonda turkiyalik mutaxassislar ishtirokida pilot renovatsiya dasturini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda
Turkiya Respublikasiga amalga oshirilgan xizmat tashrifi doirasida Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev Anqara shahrida Turkiyaning Uy-joy qurilishi davlat boshqarmasi — TOKİ rahbari Mustafa Sung‘ur bilan muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuvda aholini sifatli, xavfsiz va hamyonbop uy-joy bilan ta’minlash, eskirgan turar joy fondini renovatsiya qilish hamda shaharsozlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida Turkiyada muvaffaqiyatli qo‘llanib kelinayotgan daromadlarni taqsimlash modeli asosida uy-joy qurish va renovatsiya ishlarini tashkil etish tajribasi atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, mazkur tajribani O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish yuzasidan fikr almashildi.

TOKİ rahbari Mustafa Sung‘ur Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi bilan hamkorlikda turkiyalik mutaxassislar ishtirokida pilot renovatsiya dasturini birgalikda ishlab chiqishga tayyor ekanini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Turkiyaning Uy-joy qurilishi davlat boshqarmasi — TOKİ mamlakat aholisini, ayniqsa, ehtiyojmand qatlamlarni zamonaviy, xavfsiz va arzon ijtimoiy uy-joylar bilan ta’minlashga ixtisoslashgan davlat tashkiloti hisoblanadi. Tashkilot faoliyati davomida 1,7 milliondan ortiq ijtimoiy uy-joy foydalanishga topshirilgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar uy-joy qurilishi, renovatsiya va shaharsozlik sohalarida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA