Tibbiy ta’lim va farmatsevtika rivoji yo‘lida muhim xalqaro uchrashuvlar o‘tkazildi
Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Otabek Imamov Geri Evan Stivenson boshchiligidagi AQSH delegatsiyasi bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar, xususan, Garvard va Boston universitetlari o‘rtasidagi tibbiy hamkorlik izchil rivojlanayotgani qayd etildi. Tomonlar kasalliklarni erta aniqlash, onalar va bolalar salomatligini asrash, tibbiyot xodimlari malakasini oshirish masalalarini muhokama qilib, hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqishga kelishib oldi.
***
Toshkent davlat tibbiyot universitetiga Polshaning Gdansk tibbiyot universiteti rektori Mixal Markushevskiy va Belostok tibbiyot universiteti rektori Marsin Monyushko boshchiligidagi delegatsiya keldi.
Mehmonlar universitet infratuzilmasi va ta’lim jarayoni bilan tanishgach, tibbiy ta’lim sifatini oshirish, qo‘shma ilmiy loyihalar yaratish va akademik almashinuv masalalari muhokama qilindi. Tashrif yakunida O‘zbekiston va Polsha tibbiyot universitetlari o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
***
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov «Beyond Health» kompaniyasi vakillari Farhod Shagulyamov va Yan Sebastyan Germann bilan muzokara o‘tkazdi.
Asosiy e’tibor O‘zbekistonda innovatsion peptid dori vositalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratildi. Tomonlar GMP standartlarini joriy etish, dorilarni ro‘yxatga olishni soddalashtirish va mahalliy mahsulotlar eksportini kengaytirish yuzasidan galdagi vazifalarni belgilab oldi.
***
Mahalliy farmatsevtika korxonalarini qo‘llab-quvvatlash va dorilarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdagi muammolarni hal qilish maqsadida onlayn muloqot o‘tkazildi.
Unda mas’ul idoralar va ishlab chiqaruvchilar ishtirok etdi. Xususan, «Bayan Medical»ning 16 ta va «Samarkand-England Eco-Medical»ning 56 ta dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish va muddatini uzaytirish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Tadbirkorlarga hujjatlardagi kamchiliklarni bartaraf etish va jarayonni tezlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
M.Qosimova,
O‘zA muxbiri