Dual ta’lim mehnat bozori talabiga mos mutaxassis tayyorlashga xizmat qiladi
Kasbni egallash va uni amaliyotda qo‘llash o‘rtasida katta farq bor. Agar nazariy bilimlar bevosita ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlanmasa, yosh mutaxassisning zamonaviy uskunalar bilan ishlashi, jamoaga moslashishi, kasbiy mas’uliyatni his qilishi va mustaqil qaror qabul qilishi qiyin kechadi. Shu bois, kasbiy ta’limda nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, yoshlarni hali o‘qish davridayoq haqiqiy mehnat muhitiga moslashtirish nihoyatda muhimdir.
Dual ta’lim, aynan mana shu ehtiyojni to‘liq qondira oladigan samarali tizimdir. Bugungi kunda O‘zbekistonda ushbu tizim qamrovini kengaytirish, ishlab chiqarish korxonalarini kadrlar tayyorlash jarayoniga faol jalb etish, o‘quvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirish va bitiruvchilar bandligini ta’minlash bo‘yicha yangi mexanizmlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Sohadagi mavjud imkoniyatlar, amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi maqsadlar xususida Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Husanov bilan suhbatlashdik
– Kasbiy ta’lim tizimida dual ta’limga o‘tish qanday muammolar va ehtiyojlardan kelib chiqdi?

– Kasbiy ta’lim tizimida dual ta’limga o‘tish, eng avvalo, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlash, ish beruvchilarning malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish hamda yoshlar bandligini oshirish zaruratidan kelib chiqqan, – dedi agentlik direktori Azimjon Husanov. – An’anaviy ta’lim tizimida o‘quvchilar asosan nazariy bilim olib, amaliy ko‘nikmalarni egallash imkoniyati cheklangani sababli, ayrim bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligi ish beruvchilarning real talablariga to‘liq javob bermas edi. Natijada korxonalar ishga qabul qilingan yosh mutaxassislarni qayta tayyorlashga qo‘shimcha vaqt va mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri kelardi.
Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida yangi ishlab chiqarish quvvatlarining tashkil etilishi, zamonaviy texnologiyalarning joriy qilinishi va malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabning ortishi kadrlar tayyorlash tizimini bevosita mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirishni taqozo etdi.
Dual ta’lim aynan ushbu muammolarga amaliy yechim sifatida joriy etildi. Mazkur tizim orqali o‘quvchilar nazariy bilimlarni texnikumda, amaliy ko‘nikmalarni esa bevosita korxonalarda egallaydi. Ish beruvchilar esa o‘quv dasturlarini shakllantirish, amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish va bo‘lajak xodimlarini tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etadi.
Bundan tashqari, dual ta’lim yoshlarning o‘qish davridayoq kasbiy tajriba orttirishi, bajargan mehnati uchun haq olishi, zamonaviy ishlab chiqarish muhitiga moslashishi va kelgusida doimiy ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytiradi.
– Dual ta’limni tanlagan yoshlar o‘qish davridayoq qanday huquq va imkoniyatlarga ega bo‘ladi? Ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlash hamda kasbiy rivojlanishi uchun qanday kafolatlar belgilangan?
– Dual ta’lim olayotgan yoshlarning huquq va manfaatlari ta’lim, mehnat munosabatlari, mehnatni muhofaza qilish hamda ijtimoiy himoya sohasidagi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi. Bunda o‘quvchining korxonadagi huquqiy maqomi, tuzilgan shartnoma turi va yoshi muhim ahamiyatga ega.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, dual ta’lim o‘quvchilari tanlagan kasbi bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallash, texnikumning o‘quv xonalari, laboratoriyalari hamda axborot-kutubxona fondidan bepul foydalanish huquqiga ega.
Shuningdek, ular hamkor korxonalarning ishlab chiqarish bazasi, zamonaviy uskunalari va texnologiyalari bilan ishlash orqali tajriba orttiradi, korxona faoliyatida ishtirok etadi hamda belgilangan shartnomaga muvofiq bajargan mehnati uchun haq oladi.
Bundan tashqari, 2026/2027 o‘quv yilidan davlat granti asosida dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 85 foizdan yuqori bo‘lgan yoki respublika hamda xorijiy tanlovlar g‘olibi bo‘lganlarga esa uch baravari miqdorida stipendiya to‘lash belgilangan. Korxonadagi mehnati uchun haq olish imkoniyati bilan birga, bu mexanizmlar yoshlarning kasbiy tajriba orttirishi va iqtisodiy mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
– Agar bo‘lajak kadrlarni o‘qitgan korxona uni bitiruvdan keyin ishga qabul qilmasa, ularning bandligini ta’minlash uchun qanday mexanizmlar mavjud?
– Dual ta’limda korxona o‘quvchini tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etgani sababli uning bilim va ko‘nikmalari, mehnat intizomi hamda kasbiy salohiyatini oldindan baholash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bois bitiruvchining amaliy ta’lim olgan korxonasida doimiy ishga joylashish ehtimoli yuqori. Biroq bu barcha bitiruvchilar avtomatik ravishda ishga qabul qilinishini anglatmaydi. Agar o‘quvchi dual ta’lim olgan korxona uni bitirgandan keyin ishga qabul qilmasa, yoshlarning bandligini ta’minlash uchun bir qator mexanizmlar mavjud.
Avvalo texnikumlardagi Karera markazlari orqali bandlikka ko‘maklashiladi. Ushbu markazlar bitiruvchilarni ish beruvchilarning bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘naltirish, korxonalar bilan hamkorlikni rivojlantirish va ularning ishga joylashish holatini monitoring qiladi.
Shu bilan birga, “Karera kuni” tadbirlari tashkil etiladi. Ularda ish beruvchilar mavjud vakant ish o‘rinlarini taqdim etadi. Bundan tashqari, boshqa ish beruvchi korxonalar bilan hamkorlikda manzilli bandlik choralari ko‘riladi. Bunda bitiruvchining egallagan kasbi, malakasi va hududdagi ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib, boshqa korxonalardagi mavjud ish o‘rinlariga tavsiya etiladi.
Shuningdek, ish beruvchilarni bitiruvchilar bandligini ta’minlashga rag‘batlantirish mexanizmlari ham mavjud. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, dual ta’limni tashkil etgan korxonalarga 2 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha kredit ajratish nazarda tutilgan. Bunda har 1 milliard so‘mgacha kredit uchun kamida 5 nafar o‘quvchini ikki o‘quv yili davomida dual ta’limga jalb qilish va kamida 1 nafar bitiruvchini bir yil davomida ish bilan ta’minlash sharti belgilangan.
Yana bir jihat, dual ta’limni rivojlantirish va ish beruvchilarni rag‘batlantirish maqsadida ularga qator imtiyozlar berilgan. Jumladan, yosh mutaxassislarni ishga qabul qilgan korxonalarga qo‘shimcha ball berish hamda texnikum o‘quvchilariga to‘lanadigan ish haqi bo‘yicha ijtimoiy soliqni 1 foizlik stavkada to‘lash imkoniyati yaratilgan.
– Kelgusida dual ta’limni yanada takomillashtirish, ish beruvchilarning mas’uliyatini oshirish va yoshlarning kasbiy tayyorgarligini mehnat bozori talablariga moslashtirish borasida qanday ustuvor vazifalar belgilangan?
– Kelgusida dual ta’lim tizimini rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri uning qamrovini kengaytirish, ta’lim sifatini oshirish va kasbiy ta’limni iqtisodiyot tarmoqlarining real ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirishdan iborat. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 23-oktabrdagi “Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2030-yilga qadar kasbiy ta’limda dual ta’lim ulushini 40 foizga yetkazish vazifasi belgilangan. Bu esa korxona va tashkilotlarning kasbiy kadrlar tayyorlash jarayonidagi ishtirokini yanada kengaytirishni nazarda tutadi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining joriy yil fevraldagi tegishli farmoniga asosan, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab har bir hududda dual ta’lim tizimi asosida 14 ta “yashil” texnikum tashkil etish belgilangan. Bu tashabbus kasbiy ta’limni rivojlantirish va zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.
Umuman olganda, belgilangan vazifalar dual ta’lim qamrovini oshirish, zamonaviy kasblar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishga qaratilgan.
O‘zA muxbiri
Marhabo HOJIAKBAROVA
suhbatlashdi