Tibbiy jihozlar nazoratida yangi hamkorlik
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, aholini sifatli hamda xavfsiz tibbiy buyumlar va jihozlar bilan ta’minlash borasida xalqaro hamkorlik aloqalari izchil kengaytirilmoqda. Xususan, bugun Malayziya Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi tibbiy buyumlar aylanishini nazorat qiluvchi va xalqaro standartlarni joriy etuvchi nufuzli davlat organi – Malayziya Tibbiy buyumlar boshqarmasi (MDA) vakillarining O‘zbekistonga tashrifi boshlandi.
Malayziyalik ekspertlarning yurtimizga tashrifi bejizga «Tashkent Pharma Park» innovatsion farmatsevtika klasteri faoliyati bilan tanishishdan boshlanmadi. Boisi, ushbu klaster bugungi kunda nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasida farmatsevtika va tibbiy texnologiyalar sohasidagi eng yirik va zamonaviy loyihalardan biri hisoblanadi. Xorijlik mehmonlarga klaster hududida barpo etilayotgan yuqori texnologik ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy ilmiy-tadqiqot markazlari hamda xalqaro andozalarga mos laboratoriya majmualari haqida batafsil ma’lumot berildi. Malayziya tomoni yurtimizda sohaga qaratilayotgan investitsiyaviy va ilmiy salohiyatni yuqori baholadi.
Klaster bilan tanishuvdan so‘ng, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida tibbiy buyumlar sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Markaz direktori Alisher Temirov va MDA ijroiya direktori Muralitharan Paramasua boshchiligidagi mutaxassislar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar o‘tgan yili imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilib, istiqboldagi rejalarni atroflicha muhokama qildi. Ta’kidlanganidek, tibbiy jihozlar va buyumlar bevosita inson hayoti va salomatligi bilan bog‘liq bo‘lgani sababli, ularning xavfsizligini nazorat qilishda ikki davlatning ilg‘or tajribalarini birlashtirish muhim ahamiyatga ega.
Malayziyalik ekspertlarning maxsus missiyasi va xalqaro «benchmarking» Uchrashuvning eng muhim natijalaridan biri – shu yilning iyun oyida boshlanadigan Malayziya ekspertlarining yurtimizga maxsus missiyasi bilan bog‘liq kelishuv bo‘ldi. Jumladan, MDA mutaxassislari O‘zbekiston Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi faoliyatiga yaqindan texnik ko‘maklashadi.
Bunda asosiy e’tibor Markaz faoliyatini xalqaro «benchmarking» (taqqoslash va eng yaxshi tajribalarni o‘zlashtirish) jarayonlariga tayyorlash, tibbiy buyumlar aylanishini tartibga soluvchi milliy normativ-huquqiy bazani xalqaro talablar asosida yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, sohadagi solishtirma sinov-tekshiruvlarini hamkorlikda tashkil etish orqali milliy laboratoriyalarimiz xulosalarining xalqaro miqyosda tan olinishiga erishishga qaratiladi.
Tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi har qanday innovatsiya, avvalo, yuqori malakali kadrlar salohiyatiga tayanadi. Shu maqsadda, uchrashuv yakunlariga ko‘ra, mahalliy mutaxassislarimiz uchun Malayziya Tibbiy buyumlar boshqarmasi bazasida maxsus o‘quv va stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim kelishuvga ham erishildi.
Bu o‘zbekistonlik mutaxassislarga tibbiy jihozlarni sertifikatlash, ularning sifati va xavfsizligini nazorat qilish bo‘yicha jahonning eng ilg‘or texnologiyalari va uslublarini bevosita amaliyotda o‘rganish imkonini beradi.
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi bu tizimli hamkorlik mamlakatimiz farmatsevtika bozoriga nafaqat sifatli tibbiy texnologiyalar kirib kelishini ta’minlaydi, balki mahalliy mahsulotlarimizning ham xalqaro bozorlarda o‘z o‘rnini topishida muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA