Mustahkam oila – yurt tayanchi
15-may – Xalqaro oila kuni
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti xotin-qizlar kengashi tomonidan sana munosabati bilan “Bir qiz bolani o‘qitsangiz, butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz” mavzusida iqtidorli talaba-qizlar va ularning onalari bilan uchrashuv tashkil etildi.

“Oilamiz – kelajagimiz” oyligi doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbirning asosiy maqsadi oilada qiz farzand tarbiyasining o‘rni, ayollarning jamiyatdagi faolligini oshirish, talaba-qizlarni ilm-fan, ma’naviyat va kasbiy rivojlanishga rag‘batlantirish, shuningdek, ota-ona va farzand o‘rtasidagi mehr-oqibat va o‘zaro ishonchni mustahkamlashdan iboratdir.
Tadbirda universitet rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi I.Seytnazarova va boshqalar so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning ta’lim olishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, oiladagi sog‘lom muhit, onalarning farzand tarbiyasidagi beqiyos o‘rni haqida samimiy fikr-mulohazalar bildirildi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda jamiyatimizning asosi bo‘lmish oila institutini yanada mustahkamlash va rivojlantirish, oilalarni, ayniqsa, yosh oilalarni huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatini himoya qilish hamda qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Chunki “Oila sog‘lom ekan – jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan – mamlakat barqaror” bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-apreldagi tegishli majlis bayonida Xalqaro oila kunini keng nishonlash hamda may oyi davomida “Oilamiz – kelajagimiz” oyligini yuqori saviyada o‘tkazish belgilandi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad farovon va barqaror oilalarning hayotiy tajribasini ommalashtirish, yoshlarni oilaviy hayotga mas’uliyat bilan tayyorlash, mahalla va jamiyatda oila muqaddasligiga bo‘lgan munosabatni yanada yuksaltirishdan iborat. Ushbu an’ana doirasida oila institutini mustahkamlash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va ibratli turmush tarzini targ‘ib etish ishlarida faol, farzand tarbiyasida yutuqlarga erishgan xonadonlar “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanmoqda.

Uchrashuv davomida faol va iqtidorli talaba-qizlar va ularning onalari tarbiya, oilaviy qadriyatlar va yoshlar kelajagi borasidagi fikr hamda tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Mazmunli va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv kechasi oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, qizlarning ta’lim olishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashiga ko‘maklashish har bir oilaning muhim vazifasi ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Tadbir yakunida Xalqaro oila kuni munosabati bilan bir qator namunali oila vakillari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.