Davlatobod tumanida 24/7 servis ko‘chasini barpo etish ishlari davom etmoqda
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Davlatobod tumanida transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aholi uchun qulay va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish maqsadida 24/7 servis ko‘chasini barpo etish loyihasi doirasida qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Ayni kunlarda “Yuksalish” massivini Ahsikent dahasining aylanma yo‘li bilan bog‘lovchi D110 “To‘raqo‘rg‘on – Namangan – Chortoq – Keskanyor” avtomobil yo‘lining 15–22-kilometrlar oralig‘idagi 6,4 kilometr qismi rekonstruksiya qilinmoqda.
Xususan, “Yuksalish” massivi chorrahasidan Orzu mahallasi chorrahasigacha bo‘lgan hududda yo‘l qurilishi va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilayapti. Qurilish maydonida maxsus texnikalar va malakali mutaxassislar tomonidan yer ishlari, yo‘l poydevorini tayyorlash hamda boshqa zarur ishlar belgilangan reja asosida bajarilmoqda.
[gallery-30293]
Qurilish ishlari bilan tanishish maqsadida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ob’ektga tashrif buyurdi. Viloyat rahbari amalga oshirilayotgan ishlar sifati, qurilish sur’atlari va belgilangan muddatlarga alohida e’tibor qaratib, aholi hamda transport vositalari qatnovi uchun yanada qulay va xavfsiz sharoitlar yaratish, hudud infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida shakllantirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Loyiha to‘liq yakunlangach, mazkur yo‘lning o‘tkazuvchanlik quvvati sezilarli darajada oshadi va kuniga 50 mingtagacha avtotransport vositasining uzluksiz harakatlanishi ta’minlanadi. Shuningdek, ushbu yo‘ldan muntazam foydalanuvchi 82 ming nafardan ortiq aholi uchun yanada qulay va xavfsiz harakatlanish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur loyiha Davlatobod tumanida zamonaviy transport infratuzilmasini rivojlantirish, logistika imkoniyatlarini kengaytirish, hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda aholining turmush sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA