Tezkor yordam – hayot uchun muhim xizmat
FOTOREPORTAJ
Respublika tez tibbiy yordam markazi Surxondaryo viloyati filialida aholiga shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, chaqiriqlarga tezkor javob qaytarish va xizmatlarni raqamlashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda filialda yagona elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi va zamonaviy Call-markaz faoliyat yuritmoqda. Tez tibbiy yordam brigadalari zamonaviy maxsus avtomashinalar, radioaloqa vositalari, GPS-trekerlar va planshetlar bilan ta’minlangan bo‘lib, bu chaqiriqlarga qisqa vaqt ichida yetib borish imkonini yaratmoqda.
[gallery-30633]
Tizimda moddiy-texnik bazani mustahkamlash bilan bir qatorda, tibbiyot xodimlarining kasbiy mahoratini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Filialda tashkil etilgan o‘quv-simulyatsiya markazida shifoxonagacha tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalari muntazam takomillashtirilmoqda.
Bugun Surxondaryo viloyatida yuzlab tez tibbiy yordam brigadalari aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘lida faoliyat yuritib, zamonaviy texnika va raqamli texnologiyalardan samarali foydalanmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA