Xonadonlar, yuzlab ob’ektlar o‘rganildi, ko‘plab kamchiliklar bartaraf etildi
Sirdaryo viloyatida aholi xavfsizligini ta’minlash, yong‘in va favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan «Dolzarb 60 kun» profilaktik tadbirlari izchil davom etmoqda. Qisqa vaqt ichida o‘n minglab xonadonlar, yuzlab ijtimoiy va ishlab chiqarish ob’ektlari o‘rganildi, minglab kamchiliklar bartaraf etildi. Yong‘in xavfsizligi talablarini qo‘pol ravishda buzgan mas’ul shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar ko‘rildi. Bu raqamlar ortida esa bitta ezgu maqsad mujassam — inson hayoti, salomatligi va mol-mulkini ishonchli muhofaza qilish.
— Mamlakatimizda aholi xavfsizligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda joriy yilning 5-iyulidan 5-sentabriga qadar respublika bo‘ylab «Dolzarb 60 kun» profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbirlar Bosh vazir rahbarligida 2026-yil 6-iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishning 125-sonli bayoni hamda Favqulodda vaziyatlar vazirining 252-sonli farmoyishi asosida tashkil etildi, — deydi Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Xurshid Sadirov.
Uning ta’kidlashicha, mazkur hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimining tegishli qarori qabul qilinib, shahar va tumanlarda maxsus shtablar tashkil etildi. Bugungi kunda barcha kuch va vositalar profilaktika ishlarini yanada kuchaytirishga safarbar qilingan.
[gallery-30642]
— Tadbirlar doirasida eng avvalo aholi yashash uylarida elektr energiyasi va tabiiy gazdan xavfsiz foydalanish holati o‘rganildi. Shu kunga qadar 35 ming 197 ta yakka tartibdagi uy-joy, 621 ta ko‘p qavatli turar joy hamda 13 ming 846 ta xonadon ko‘zdan kechirildi. O‘rganishlar natijasida 2716 ta kamchilik aniqlanib, ularning 2344 tasi, ya’ni 86,3 foizi joyida bartaraf etildi, — deydi boshqarma boshlig‘i.
Talabalar turar joylari ham alohida nazoratga olindi. Viloyatdagi barcha 9 ta talabalar turar joyi to‘liq o‘rganilib, aniqlangan 49 ta kamchilikning 46 tasi qisqa muddatda bartaraf etildi.
Profilaktik tadbirlar strategik ahamiyatga ega ob’ektlarni ham qamrab oldi. O‘ta muhim va toifalangan ob’ektlar, yonish-portlash xavfi yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalari, kimyoviy moddalar saqlanadigan omborlar, energetika inshootlari, neft mahsulotlari bazalari, gaz to‘ldirish shoxobchalari va boshqa sanoat ob’ektlarida yuzlab o‘rganishlar hamda yong‘in-texnik tekshiruvlar o‘tkazildi.
Bu jarayonlarda 1339 ta kamchilik aniqlanib, ularning 932 tasi bartaraf etildi. Yong‘in xavfsizligi talablarini qo‘pol ravishda buzgan 55 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi. Shuningdek, insonlar hayoti uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan 26 ta ob’ekt faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Ta’lim muassasalari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, oliy ta’lim muassasalari hamda sog‘liqni saqlash ob’ektlarida o‘tkazilgan tekshiruvlar ham keng qamrovli bo‘ldi. Ular davomida 1620 ta kamchilik aniqlanib, shundan 1187 tasi bartaraf etildi. Qonun talablarini qo‘pol ravishda buzgan 139 nafar mas’ul shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi, xavfli deb topilgan 25 ta ob’ekt faoliyati esa vaqtincha cheklandi.
Yozgi ta’til mavsumida bolalar oromgohlari, sanatoriylar va sog‘lomlashtirish maskanlarida ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Viloyatdagi 25 ta dam olish maskani to‘liq o‘rganilib, mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi hamda amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Shuningdek, o‘rmon xo‘jaliklari, qurilish maydonlari, bozorlar, savdo majmualari, odamlar gavjum joylar va test sinovlari o‘tkaziladigan ob’ektlarda ham profilaktika ishlari izchil olib borildi. Ayniqsa, qurilish ob’ektlarida xavf tug‘dirgan 31 ta nosoz elektr moslamasi elektr tarmog‘idan uzilib, xavfsizlik talablarini buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rildi.
— «Dolzarb 60 kun» tadbirlari faqat tekshiruvlar bilan cheklanib qolmayapti. Mahallalarda, ta’lim muassasalarida, ishlab chiqarish korxonalarida yuzlab profilaktik uchrashuvlar, amaliy mashg‘ulotlar va evakuatsiya mashqlari tashkil etilmoqda. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi o‘rtasida yong‘in xavfsizligi qoidalari keng targ‘ib etilmoqda, — deydi Xurshid Sadirov.
E’tiborlisi, har bir bartaraf etilgan kamchilik ortida ehtimoliy fojianing oldi olingani, har bir profilaktik tadbir zamirida esa inson hayoti va salomatligini asrashdek ulug‘ maqsad mujassam.
«Dolzarb 60 kun» tadbirlari izchil davom etmoqda. Bu esa xavfsizlik — faqat bir tashkilotning emas, balki butun jamiyatning umumiy mas’uliyati ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Zero, yong‘inning oldini olish uning oqibatlarini bartaraf etishdan ko‘ra oson, samarali va eng muhimi, inson hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA