Tezkor-qidiruv va protsessual chora-tadbirlar davom ettirilmoqda
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli illatlardan asrashga qaratilgan ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu yo‘nalishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilayotgan tizimli tezkor tadbirlar jinoiy guruhlar faoliyatiga o‘z vaqtida chek qo‘yish, giyohvandlik vositalarining noqonuniy tarqalishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir ana shunday sa’y-harakatlarning amaliy natijasi bo‘ldi.
Tezkor tadbir davomida Zarbdor tumanida yashovchi, 1981-yilda tug‘ilgan X. U. Jizzax shahri hududida to‘xtatilib, belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazildi.
Tekshiruv jarayonida ushbu shaxsning yonida bo‘lgan xo‘jalik qopi ko‘zdan kechirilganda, uning ichida umumiy og‘irligi 4 kilogramm 840 gramm bo‘lgan kannabis o‘simligi mavjudligi aniqlandi. Mazkur giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida belgilangan tartibda musodara qilindi.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirgi vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash, giyohvandlik vositasining kelib chiqish manbai hamda uning ehtimoliy tarqatish zanjirini fosh etish yuzasidan tegishli tezkor-qidiruv va protsessual chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki butun jamiyatning hamkorligini talab etadi. Bu illatga qarshi murosasiz kurashish, uning tarqalish omillarini bartaraf etish hamda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish orqali jinoyatchilikning oldini olish mumkin.
Jizzax viloyatida o‘tkazilgan mazkur tezkor tadbir natijalari ham giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish izchil davom etayotganini, qonun ustuvorligini ta’minlash va fuqarolar xavfsizligini muhofaza qilish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hamkorligi samarali natija berayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri