Turizmni jadal rivojlantirish orqali uning iqtisodiyotdagi o‘rni oshiriladi
Oliy Mujlis Senati kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda turizm sohasini jadal rivojlantirish orqali uning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish borasida belgilangan vazifalar ijrosini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib borgan majlisda turizm sohasida tizimli islohotlar amalga oshirilib, viza tartibotlari soddalashtirilgani qayd etildi.
Vizasiz rejimni kengaytirish, milliy turizm brendini xalqaro maydonda targ‘ib etish, ichki turizmni rivojlantirish, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish va xizmatlar sifatini oshirishga e’tibor qaratilmoqda.
Turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida xizmat ko‘rsatuvchi boshqa tashkilotlar soni qariyb 6 barobarga oshib, 4,4 mingga yetdi. 6 mingga yaqin joylashtirish vositalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, ulardagi o‘rinlar soni esa 185,6 mingni tashkil etib, 2017-yilga nisbatan 5 barobarga ko‘paygan. 4,5 mingga yaqin gid-ekskursovodlar tayyorlangan.

2025-yilda qariyb 200 davlatdan 11,7 million chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga kelgan. Turistlar soni 2024-yilga nisbatan 16,1 foizga oshgan. 2025-yilda turizm xizmatlari eksporti 142 foizga o‘sib, 4,8 milliard dollarga yetgan. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” ichki turizmni rivojlantirish dasturi 23,7 million nafar fuqaroni qamrab oldi.
Muhokama davomida yuqori o‘sish sur’atlariga qaramasdan, sohaning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish hamda hududlar kesimida barqaror va muvozanatli rivojlanishni ta’minlash bilan bog‘liq kamchiliklar saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Xususan, tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmi imkoniyatlari to‘liq ishga solinmagan. Keyingi yillarda xususiy klinikalar soni bir necha barobarga oshgan bo‘lishiga qaramay, o‘tgan yilda davolanish maqsadida tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2024-yilga nisbatan kamaygan.
Turistlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, servis madaniyati va kadrlar tayyorlash tizimidagi muammolarga ham e’tibor qaratildi.
Senatorlar sohada mavjud muammolarni bartaraf etish, turizmni iqtisodiyotning drayver tarmoqlaridan biriga aylantirish bo‘yicha aniq va manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Xalq deputatlari mahalliy kengashlariga turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi ustidan qat’iy deputatlik nazoratini amalga oshirish, mas’ul rahbarlarning hisobotlarini muntazam eshitish va tegishli choralar ko‘rish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Muhokama yakunida Senat kengashining qarori qabul qilindi. Unga asosan mamlakatimizning turistik salohiyatini ustuvor xorijiy bozorlarda faol targ‘ib qilish, turizmning yangi yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, huquqiy asoslar takomillashtiriladi, transport, hunarmandchilik, turoperatorlar faoliyati hamda soliq ma’muriyatchiligidagi mavjud muammolar bartaraf etiladi, raqamli xizmatlar keng joriy qilinadi.
N.Abduraimova, O‘zA