Test sinovlari davom etmoqda (+video)
Bugun yurtimiz bo‘ylab 2026-2027 o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu jarayon Navoiy viloyatida ham uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Joriy yilda oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlariga 29 ming 500 nafar abituriyentlar hujjat topshirgan edi. Test imtihonlari Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyat bo‘limining yangi binosi hamda “Kimyogar” o‘yingohining sport zalida o‘tkazilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, test sinovlarining birinchi kunida hujjat topshirgan abituriyentlarning 3240 nafaridan 2989 nafari ishtirok etdi. Abituriyentlarning 251 nafari esa turli sabablarga ko‘ra testga kelishmagan.
– Navoiy viloyatida test sinovlari ikkita binoda o‘tkazilmoqda, – deydi Bilim va malakalarni baholash agentligi Navoiy viloyati bo‘limi boshlig‘i Nurxon Bekniyozov. – Agentlikning viloyat bo‘limi binosida 1080, sport zalida esa 540 o‘rin tayyorlangan. Jami 1620 o‘rin zamonaviy talablar asosida jihozlanib, sovitish tizimlari bilan ta’minlandi.
Barcha binolarda yuzdan ortiq kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan bo‘lib, test jarayonlarining shaffofligi to‘liq ta’minlanmoqda.
Meni quvontirayotgan jihatlardan biri shuki, abituriyentlar test sinovlarida tartib-intizomga rioya qilgan holda, yaxshi kayfiyat bilan ishtirok etmoqda. Ilgarigi yillarda telefon olib kirish yoki taqiqlangan vositalardan foydalanish bilan bog‘liq bir-ikkita holat kuzatilar edi. Bu yil esa bunday holatlar qayd etilmayapti. Albatta, kirish nazoratida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tekshiruvlar olib borilmoqda.
Abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida telefon va sumkalarni saqlash uchun maxsus joylar tashkil etilgan. Test sinovlari 14-iyulda boshlandi va 23-iyulga qadar davom etadi.
Farzandlarini kutib turgan ota-onalar uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Ular uchun 500 o‘rinli kutish joyi, bufet, shuningdek, test jarayonlarini bevosita kuzatib borish imkonini beruvchi katta ekranli televizor va monitorlar bilan jihozlangan maxsus hudud tashkil etilgan.
Ma’lumki, yurtimizda qabul jarayonlari “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichda abituriyentlar test sinovini topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tib, faqat fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududi hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy ta’lim muassasasini tanlashgan edi.
Ikkinchi bosqichda esa abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi.
<iframe width="886" height="498" src="https://www.youtube.com/embed/tV7Vzr3_tCs" title="Test sinovlari davom etmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat, video), O‘zA muxbirlari