Hududlarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda
Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni joylarda o‘rganish va ularga yechim topish maqsadida hududlarda ochiq muloqotlar davom etmoqda. Xususan, Biznes-ombudsman devoni mahalliy hokimliklar va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda joylarda tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlarni tashkil etmoqda.
Qabul davomida tadbirkorlarni qiynayotgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinmoqda. Xususan, tadbirkorlar manfaatida Konstitutsiyaviy sudga ariza kiritish, soliq sohasida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan tadbirkorlarning muammolarini hal etish, shuningdek, sud qarorlari, mulk buzilishi va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishdagi to‘siqlardan norozilikka oid shikoyatlar ko‘rib chiqilmoqda.
Shu bilan birga, tergov hibsxonasida saqlanayotgan mahkumning tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan qonuniy huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi murojaati ham ko‘rib chiqildi. Ta’kidlash joizki, yangi qabul qilingan qonunchilikka asosan, Biznes-ombudsman jinoyat ishlari bo‘yicha jamoat himoyachisi sifatida sud va tergov jarayonlarida qatnashish huquqiga ega.

Biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev ochiq muloqotlar davomida Qashqadaryo viloyatida bir nechta tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tashrif doirasida hududdagi ishlab chiqarish va istiqbolli investitsiya loyihalarining amaliy jarayonlari joyida o‘rganildi.
Xususan, dastlab Qarshi shahrida joylashgan “Asian golden oil” MCHJ faoliyati ko‘zdan kechirildi. Yer maydoni 5 gektarni tashkil etuvchi ushbu korxona yiliga 1,5 ming tonna oziq-ovqat mahsulotlari — o‘simlik yog‘i va un ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, ayni paytda bu yerda 450 ta ish o‘rni yaratilgan. Korxonaning eksport ko‘rsatkichlari tizimli ravishda oshib bormoqda. Jumladan, eksport qiymati 2025-yildagi 1,8 million AQSH dollaridan 2026-yilda 4,1 million AQSH dollariga yetgan.

Navbatdagi o‘rganish manzili Qarshi tumanidagi chiqindini qayta ishlash va elektr energiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Qashqadaryo SUS Enveronment” MCHJ bo‘ldi. Xorijiy investor rahbarligidagi ushbu korxonaning umumiy maydoni 8 gektarni tashkil etib, loyihaning yillik quvvati 240 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Hozirgi kunda qurilish-montaj ishlari jadal olib borilayotgan mazkur ob’ekt to‘liq ishga tushirilishi natijasida hududda 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Loyiha doirasida asbob-uskunalar va xomashyo olib kirish uchun davlat tomonidan katta ko‘mak berilmoqda. Xususan, 2026-yilning o‘tgan 6 oyi davomida korxonaga bojxona to‘lovlaridan 93,7 milliard so‘m miqdorida imtiyoz qo‘llanildi.
Shuningdek, Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda tadbirkorlar uchun sayyor qabul tashkil etildi.

Muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan asosan nodavlat ta’lim sohasiga oid dolzarb masalalar, biznes yuritish jarayonida uchrayotgan muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari uchun yanada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgan tashabbuslar atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berilib, tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni qonuniy asosda hal etish hamda ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA