Termizda voleybolchi xotin-qizlar bahslashdi
Termiz shahrida mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlab “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning voleybol turi bo‘yicha “Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqasining mamlakat final bosqichi o‘tkazildi.
To‘rt kun davom etgan bellashuvda musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jamoalarning sportchi qizlari 16–21, 22–30 yosh toifalarida g‘oliblik uchun o‘zaro bahslashdi.

Qiziqarli lahzalarga boy bo‘lgan musobaqalarda voleybolchi xotin-qizlar o‘z mahorati, jismoniy tayyorgarligi, jamoaviy hamjihatligi va g‘alabaga bo‘lgan qat’iy intilishini keng namoyon etdi.

Musobaqa yakunida 16–21 yosh toifasida birinchi o‘rinni Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi Boyqishloq mahallasi qizlari egalladi. Ikkinchi o‘rinni Samarqand viloyatining Pasdarg‘om tumani Sanchiqul mahallasi, uchinchi o‘rinni Buxoro viloyati, Buxoro shahridagi Yoshlik mahallasi jamoalari qo‘lga kiritdi. 22–30 yosh toifasida birinchi o‘rinni Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidagi Mash’al mahallasi, ikkinchi o‘rinni Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumanidagi Do‘stlik mahallasi, uchinchi o‘rinni Surxondaryo viloyatidagi Denov tumanining O‘zgarish mahallasi xotin-qizlari egalladi.

Musobaqaning g‘olib va sovrindorlariga kubok, diplom va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri
0