Shirinda zamonaviy “Kasb markazi” foydalanishga topshirildi
Bugun maktabda olingan bilim ertaga kasbga, kasb esa munosib kelajakka aylanadi. Shu ma’noda, yoshlarni maktab davridanoq kasb-hunarga yo‘naltirish, ularning qiziqish va qobiliyatini rivojlantirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar alohida ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida Shirin shahridagi 1-umumta’lim maktabida o‘quvchilar uchun zamonaviy “Kasb markazi” foydalanishga topshirildi.
Yangi markazning tashkil etilishi o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni amaliy mehnatga jalb qilish va kelajak kasbini tanlashda dastlabki tajribaga ega bo‘lishi uchun muhim imkoniyat yaratdi.

Mazkur loyiha 2025-yilgi “Tashabbusli byudjet”ning 2-mavsumi doirasida amalga oshirildi. Tashabbus aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, uni ro‘yobga chiqarish uchun 800 million so‘m mablag‘ ajratildi. 2026-yil 1-mavsumda esa markazni zamonaviy va zarur jihozlar bilan ta’minlash maqsadida qo‘shimcha mablag‘lar jalb etildi.

Ayni paytda markazda o‘quvchilar uchun bir nechta yo‘nalishda mashg‘ulot olib borish imkoniyati mavjud. Xususan, tikuvchilik xonasi 6 ta tikuv mashinasi, kompyuter xonasi esa 32 ta kompyuter bilan jihozlangan. Duradgorlik va pazandachilik xonalarida ham amaliy mashg‘ulotlar uchun zarur jihozlar o‘rnatilgan.

Markazning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda shahar hokimligi, shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi vakillari, maktab jamoasi, o‘quvchilar, ularning ota-onalari hamda faxriylar ishtirok etishdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bu kabi tashabbuslar yoshlarning qiziqishlarini erta aniqlash, ularni muayyan kasbga yo‘naltirish va mustaqil hayotga tayyorlashda muhim ahamiyatga ega. Chunki kasb tanlash jarayoni faqat nazariy tushunchalar bilan emas, balki amaliy tajriba orqali yanada samarali kechadi.
Markazdagi mashg‘ulotlar o‘quvchilarga turli kasblarni amalda sinab ko‘rish imkonini beradi. Tikuvchilik, duradgorlik va pazandachilik kabi yo‘nalishlar ularda mehnat ko‘nikmalarini shakllantirsa, kompyuter texnologiyalari bo‘yicha mashg‘ulotlar raqamli savodxonlikni oshirish va zamonaviy texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Ayniqsa, o‘quvchining o‘z qobiliyati va qiziqishini amalda sinab ko‘rishi kelajakda to‘g‘ri kasb tanlashi uchun muhim qadamdir. Bunday imkoniyatlar yoshlarda mehnatsevarlik, mas’uliyat, ijodkorlik va mustaqil qaror qabul qilish kabi fazilatlarni ham shakllantiradi.
Bugun mehnat bozorida zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmaga ega kadrlarga talab ortib bormoqda. Shu bois ta’lim jarayonini kasbiy tayyorgarlik bilan uyg‘unlashtirish, yoshlarni hayotga va mehnat faoliyatiga ertaroq tayyorlash muhim vazifalardan sanaladi.

Shirin shahridagi 1-umumta’lim maktabida foydalanishga topshirilgan “Kasb markazi” ana shu maqsadlarga xizmat qiladi. U yerda o‘quvchilar nafaqat yangi hunarlarni o‘rganadi, balki o‘z qiziqishini anglaydi, qobiliyatini sinab ko‘radi va kelajakdagi kasbiy yo‘nalishi haqida tasavvur hosil qiladi.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ish boshlagan mazkur markaz yoshlarga munosib tuhfa bo‘lish bilan birga, ularning kelajagiga qaratilgan amaliy e’tiborning yana bir namunasi bo‘ldi. Zero, kasbga qiziqish bolalikdan uyg‘onadi, mahorat esa imkoniyat berilgan joyda shakllanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri