Terini va go‘shtni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanini iqtisodiy rivojlangan hududlardan biriga aylantirish, eksport salohiyatini oshirish va aholining ishsiz qatlamini ish bilan ta’minlash maqsadida tumanda xitoylik investorlar bilan hamkorlikda terini va go‘shtni qayta ishlash loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev va Xitoyning “Chongqing” provinsiyasidan tashrif buyurgan investorlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida ma’lum qilindi.
Muzokaralar davomida terini va go‘shtni qayta ishlash yo‘nalishidagi loyiha, uning ahamiyati va potensial imkoniyatlari haqida atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, Guliston tumanida mavjud ishchi kuchidan foydalanish va mahalliy tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Tumanning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlari va resurslaridan samarali foydalanish maqsadida teri va go‘shtni qayta ishlash sohasida yirik investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Muzokaralar davomida ikkala tomon – mahalliy hokimiyat va xitoylik investorlar ishlab chiqarish jarayonida birgalikda ish olib borishga tayyor ekanliklarini ta’kidladi. Loyiha doirasida terini va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash uchun zarur bo‘lgan zamonaviy ishlab chiqarish liniyalari va texnologiyalar mavjud bo‘lishi kerak. Shuningdek, mahsulotlarni eksport qilish, ya’ni eksport salohiyatini oshirish maqsadida qo‘shimcha tadbirlar ishlab chiqiladi.
Tashrif davomida xitoylik investorlar Guliston tumanining mavjud imkoniyatlari va shart-sharoitlari bilan bevosita tanishib, mahalliy tadbirkorlar faoliyatini ham kuzatdilar. Bu, o‘z navbatida, loyihaga qiziqishni oshirib, qo‘shma korxona tashkil etish bo‘yicha harakatlarni tezlashtirdi.
Muhimi, ushbu loyiha amalga oshirilishi natijasida Guliston tumaniga 200 ming AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib keladi. Buning natijasida yiliga 1 million AQSH dollarilik mahsulot eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Loyiha bo‘yicha ishga tushiriladigan yangi korxona 30 nafardan ortiq fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlashga yordam beribgina qolmay, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, mahalliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va aholining turmush darajasini yaxshilashga xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri