Tennischilarimiz xalqaro turnirlarda vitse-chempion bo‘ldi
Qozog‘iston va Tojikistonda Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan o‘smirlar o‘rtasida tashkil etilgan nufuzli musobaqalarda yosh tennischilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Jumladan, Ostona shahrida o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan J300 tasnifidagi «Astana Open» turnirining juftlik bahslarida hamyurtlarimiz Akmal Abdullayev va Danila Kvasov finalga qadar bo‘lgan uchrashuvlarni muvaffaqiyatli o‘tkazib, vitse-chempionga aylandi.
Dushanbe shahrida tashkil etilgan J60 turkumidagi «Prezident kubogi — 2026» musobaqasida hamyurtimiz Sarvar Otaboyev va rossiyalik Yegor Yelxovskiy tandemi finalga yo‘l oldi. Bosh sovrin uchun kechgan hal qiluvchi bahsda ular tojikistonlik Somon Amonov hamda belaruslik Matvey Jarin juftligiga imkoniyatni boy berdi. Shu tariqa Sarvar Otaboyev va Yegor Yelxovskiy musobaqani vitse-chempion sifatida yakunladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA